Yuksak etibor va etirof ifodasi
Prezidentimizning farmoniga muvofiq mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilliik bayrami arafasida davlatimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlangan vatandoshlarimiz safida 55 nafar surxondaryolik turli soha vakillari ham bor.
Surxondaryo viloyat hokimi To‘ra Bobolov bugun viloyat hokimligining majlislar zalida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda mukofotlarni o‘z egalariga topshirdi.


-Istiqlolimizning qutlug‘ 30 yillik to‘yi munosabati bilan Sizlarning xalq xo‘jaligining barcha sohalarini rivojlantirish, islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, fuqarolik jamiyati va huquqiy-demokratik davlat barpo etish, tinch, to‘kin hayotimizni ta’minlash, milliy qadriyat va an’analarimizni keng targ‘ib qilish, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash yo‘lidagi xizmatlaringiz alohida e’tirof etildi,-dedi viloyat hokimi.-Biz, davlatimiz rahbarining yuksak orden, medal va esdalik nishonlarini butun Surxon ahliga berilgan mukofot, shu bilan birga bajarayotgan ishlarimiz uchun berilgan avans sifatida qabul qilishimiz juda o‘rinli bo‘ladi, deb hisoblayman.


Fursatdan foydalanib, sizlarni bunday yuksak ishonch va e’tirof bilan samimiy tabriklayman. Mustaqilligimiz abadiy, Vatanimiz osuda, hayotimiz yanada farovon bo‘laversin.
Mukofotlanganlar orasida Boysun tumani nuroniylar jamoatchilik kengashi faoli Xonim Toshboyev ham bor. Faol otaxonning jamoatchilik asosida olib borayotgan ezgu ishlari "Mehnat shuhrati"ordeni bilan taqdirlandi.

- Inson yoshi ulg‘aygan sayin o‘tgan va bugungi turmushini, bosib o‘tgan hayot yo‘lini bir-biriga qiyoslab ko‘raverar ekan,-deydi Xonim bobo Toshboyev.- Istiqlol sharofati bilan mamlakatimizda sodir bo‘layotgan yangilanishlar, hayotimizda yuz berayotgan o‘zgarishlarni kuzatib, shunday ozod va obod kunlarga yetkazgani uchun shukrona aytaman. Yoshu-keksaga birdek ko‘rsatilayotgan etibordan faxr hissini tuyaman. Ayniqsa, keyingi yillardagi ishlardan o‘zimni yosharayotgandek his etaman. Bunday g‘amxo‘rliklardan juda mamnunman.

Mamlakatimizning tarixiy va eng shonli sanasi munosabati bilan viloyatda 2 ming 258 nafar turli soha vakillari va faol yoshlar O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi" esdalik nishoniga sazovar bo‘ldi.

Tantanali marosimda davlat mukofotlari va esdalik nishon bilan taqdirlanganlar nomidan so‘zga chiqqanlar yuksak etibor va etirof uchun cheksiz minnatdorlik bildirdi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA