Yozyovon yangitdan toifalanishga tayyor
Yozyovon Markaziy Farg‘onaning yuragi, o‘tgan asrning o‘rtalarida qum-barxanlar o‘rnida o‘zlashtirilib tashkil etilgan tumandir. Bugun Yozyovonda 117 ming nafar aholi yashaydi. So‘nggi yillarda uning markazi, qishloqlari obod bo‘ldi, ko‘plab xizmat ko‘rsatish nuqtalari tashkil etildi. Paxtachilik, g‘allachilikda hosildorlik ko‘tarildi. Ammo tuman uzoq yillardan buyon o‘z xarajatlarini o‘zi qoplay olmaydi, ya’ni subsidiyada. 2022 yilgi toifalanishda esa Yozyovon iqtisodiy ko‘rsatkichlari zaif bo‘lgan 5 toifaga kiritildi. Buning asosiy sabablari bor edi, albatta.
–Sanoat korxonalarining kamligi, sanoat mahsulotlari hajmi viloyat ko‘rsatkichidagi ulushimiz pastligi, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi hajmidagi qoloqlik. Qolaversa ishsizlik darajasining yuqoriligi 5 toifaga kiritilishiga sabab bo‘ldi, - deydi tuman hokimi o‘rinbosari Farxodjon Mamatqulov.

Albatta, davlat bu toifa tumanlar, uning aholisi iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash uchun avvalo soliq imtiyozi, proferensiyalar berdi. Bugun yozyovonlik ishlab chiqaruvchi ramziy miqdorda, ya’ni 1 foizgina soliq to‘laydi. Yozyovon xalqi oriyatli. Ular tuman rahbariyati atrofida jipslashib vaziyatni o‘nglash, Yozyovon nufuzini munosib o‘rinlarga olib chiqishga astoydil kirishdilar.
Mana, qisqa vaqt ichida erishilgan natijalardan ayrim misollar. Yozyovon tumani tarixida hech qachon paxtani qayta ishlash zavodi bo‘lmagan. Yetishtirilgan paxta qo‘shni tuman zavodlariga yuborilgan. Tabiiyki, sanoat korxonasi soliq tushumi ham o‘sha yerda qolgan. 2022 yil oxirida klaster almashtirildi-yu, juda qisqa vaqt ichida to‘rt yo‘nalishni qamrab oladigan yangi zavod qurildi.

–Paxtani qayta ishlash zavodining birinchi bosqichi ishga tushdi. Unga 20 mln dollar sarflanib, 800 ta ishchi o‘rni yaratdik, - deydi “Posco international” klasteri menedjeri Abduxalim Rahmonov. –Ikkinchi loyihada yog‘-moy korxonasi, keyin sun’iy tola ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Barcha loyihalar 2022-2023 yilda amalga oshirildi. Kelajakda aralash tolalardan mato to‘qish korxonasi quramiz.

Yozyovonliklar ishga, yangilikka chanqoq. Turkiyalik investor Erxon Toxtali bilan bo‘lgan birinchi suhbatdayoq ko‘pdan buyon bo‘sh turgan binolardan birini unga ijaraga berishdi. Labz kuchi ishini ko‘rsatdi. Erxon Toxtali Yozyovondagi birinchi tikuvchilik korxonasini ochdi. Bu yerda tikilgan sport va ichki kiyimlar turk shirkatlari orqali darhol xorij bozoriga kiritildi.

–Yozyovonda bu korxonani ochganimizga ikki oy bo‘ldi. 180 ishchi o‘rni yaratdik. Mahsulotlarimizni Isroil, Rossiya, Qirg‘izistonga eksport qilyapmiz. Endigi maqsadimiz – Yozyovonda trikotaj mato to‘qish korxonasini ochishdir, - deydi Erxon Toxtali.
Tuman rahbariyati zamonaviy ko‘pqavatli tikuvchilik va to‘quv korxonasi qurish uchun yer maydoni tanlab uni belgilangan tartibda savdoga qo‘ydi. Endi “Lavanta tekst”ning o‘z binolari quriladi.

Har yerni mashxur qiluvchi o‘ziga xos tomoni bo‘ladi. Yozyovon eng qisqa vaqt ichida baliqchilikda nom chiqardi.
Tumanda 64 ta baliqchilik fermer xo‘jaliklari tashkil etildi. Baliq ko‘llari maydoni 1870 gektarga yetdi. “Katta tosh baliqlari” fermer xo‘jaligi ularning biri. Hikmatillo ota Imomov nafaqaga chiqqach o‘g‘li Fayzulloni yoniga olib Yozyovon cho‘llarini obod qilishga kirishdi.
–Dastlab bu yer qum barxan edi. Hozirgacha 70 gektar o‘zlashtirib ko‘l qildik va baliq boqyapmiz, - deydi fermer xo‘jaligi rahbari Fayzullo Imomov. –2022 yilda 200 tonna baliq topshirdik. Sazan, Ilonboshi, Laqqa, Amur kabi baliqlar bor. 2023 yilda yana 20 gektar o‘zlashtirilib ko‘limizni kengaytirdik.

Intensiv usul baliqchilikda avvalo yetishtirilayotgan mahsulot hajmini keskin oshirdi. Bu yil birgina shu fermer xo‘jaligi 300 tonna baliqni el dasturxoniga tortiq qilish niyatida.
Yozyovonning yana bir hususiyati bor edi. Tuman hududidan Andijon – Toshkent A-73 xalqaro avto yo‘l o‘tadi. Aslida bu xizmat ko‘rsatish tarmog‘ini rivojlantirish uchun katta imkoniyat edi. Ammo bunga yetarlicha e’tibor berilmagan. So‘nggi bir yilda bu soha ko‘rsatkichlari uch barobarga oshdi. Yo‘l bo‘yida savdo shahobchalari ochildi. Dovondagi mashxur “yog‘li patir” chilar jalb etildi. Yonilg‘i quyish joylari, ovqatlanish majmualari tashkil etildi. Har qanday mijoz talabiga javob beradigan “Abu Dabi” kabi oshxonalar faoliyatini boshladi. Yana o‘nlab xizmat ko‘rsatish markazlari qurilishi jadal olib borilmoqda.

Keling, tumanni eng quyi toifadan olib chiqish harakati natijalarini bir taqqoslaylik 2022 yilda Yozyovonda 246 ta sanoat yo‘nalishidagi korxonalar bo‘lgan bo‘lsa, bu yilning 6 oyida ular soni 350 taga yetdi.

2021 yilda tumanga bor-yo‘g‘i 5 million dollar xorijiy investitsiya kiritilgan bo‘lsa, 2023 yilda u 52 million dollarga yetadi.
2023 yilda jami qiymati 1,5 trillion so‘m bo‘lgan 299 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Natijada 3480 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Agar 2022 yilda 5 mln dollarlik sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsuloti eksport qilingan bo‘lsa, 2023 yilda u to‘rt barobar ko‘payib, 21 mln dollarga yetadi. Bu raqamlar Yozyovonda ishlab chiqarish hajmidagi o‘sishni yaqqol namoyish etmoqda.
–2022 yilda 195 mlrd so‘mlik sanoat maxsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu yilning 6 oyidayoq 200 mlrd so‘mlikka yetdi, - deydi Farhodjon Mamatqulov.
Yil yakuniga qadar esa 590 mlrd so‘mlikka yetkazish kutilmoqda va bu 5-toifadan 4-toifaga o‘tishga asos bo‘ladi.
Bunga hech qanday shubha yo‘q. Yana bir gapni aytmasak bo‘lmas. Islohotlar eng avvalo yozyovonliklar turmush darajasida o‘z aksini ko‘rsatyapti. “Yangi O‘zbekiston” massividagi yangi uy joylar sotila boshlandi.
–Yozyovondagi islohotlar, tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga odamlar boyib boryapti. 104 ta xonadon 2023 yil oxirigacha qurib bitirilishi kerak. Lekin hozirgacha 50 ta uyning egalari bor, deydi tuman hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Dilmurod Bekmirzayev.
Bugun Yozyovondagi o‘zgarishlarning bevosita ijrochi va ishtirokchilari bir so‘zni takrorlamoqdalar: “Bo‘lar ekanku!”
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/EcWVAQjimjI" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Muallif: Muhammadjon Obidov
Tasvrchi: Elyor Olimov.