Yozning jazirama kunlari ortda qoladi oldinda...
Gaz ta’minoti korxonasi tomonidan avval aholi iste’molchilari, so‘ngra esa ishlab chiqarish korxonalarini tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari jadal suratlarda davom etmoqda.
Xususan, Buxoro viloyatining Jondor tumanida ham bu borada amaliy jarayonlar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, eski gaz qurilmalari yangisiga almashtirilib, gaz quvurlarida rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.
– Ta’kidlash lozim, tumanda 20 mingdan ortiq iste’molchi tabiiy gaz bilan ta’minlanadi. O‘tgan mavsum davomida tabiiy gaz bilan bog‘liq yuzaga kelgan muammolarning oldini olish maqsadida amaliy ishlar yanada kuchaytirildi. Tumanning Istiqlol mahallasi Pasana qishlog‘ida diametri 89 mmli gaz quvurining 1 kilometr 700 metri qayta rekonstruksiya qilinib, yer ustiga chiqarildi. Asosiy maqsad tabiiy gazni tejash hamda turli yo‘qotishlarning oldini olish ekan, endi hududda istiqomat qiluvchi 230 ta aholi iste’molchilarining bu bilan bog‘liq muammolari hal etiladigan bo‘ldi, – deydi “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Akmal Nasretdinov.
Olot tumani viloyat markazidan qariyb 80 kilometr olisda joylashgan bo‘lib, olti mingdan ortiq tabiiy gaz iste’molchisi yashaydi. Ularga kuz-qish davrida tabiiy gazni muammosiz yetkazib berish uchun tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Ta’kidlash lozim, olis hudud iste’molchilarining tabiiy gaz ta’minoti uch bosqichli tizimdan ikki bosqichli tizimga o‘tkazilgan.
Bugunga qadar 1 kilometrdan ortiq gaz quvurida amaliy ishlar bajarildi, 5 dona gaz qurilmalari mukammal ta’mirlandi, 16 kilometrdan ortiq gaz quvurlari havo bosimi yordamida tozalandi, 24 kilometr gaz quvurlari esa bo‘yoqlandi.
Bu kabi jarayonlar viloyatning barcha mahallalarida ham davom etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.