Yozgi ta’til xavfsizligi ta’minlanadi
Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpo‘latov Toshkent viloyati hududida turistik mavsumda fuqarolar va sayyohlar xavfsizligini ta’minlash, bolalarning yozgi dam olishini xavfsiz tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan o‘rganishlar olib bordi.
Jarayonda dam olish maskanlari va turistik hududlarda mahalliy aholi hamda xorijiy sayyohlar xavfsizligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, Toshkent viloyati IIBB Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasining Suv ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlash bo‘linmasi faoliyati o‘rganilib, bo‘linma tasarrufiga yangi topshirilgan maxsus kater va gidroskuterlarning texnik imkoniyatlari bilan tanishildi. Biriktirilgan maxsus texnika vositalaridan xizmat faoliyatida samarali foydalanish bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar yuklatildi.

Tadbir davomida Ichki ishlar vazirligiga biriktirilgan Bo‘stonliq tumanidagi “Chimyon” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohining yangi mavsumga tayyorgarlik holati ham ko‘zdan kechirildi.

Vazir mas’ullar bilan suhbatda yozgi ta’til mavsumida bolalarning oromgohlarda xavfsiz va mazmunli dam olishini tashkil etish masalalarini muhokama qildi.

O‘rganishlar davomida mas’ullarga bolalarning xavfsizligi va salomatligini ta’minlash, dam olish jarayonini yuqori saviyada tashkil etish hamda oromgoh faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan tegishli vazifalar yuklatilib, ijrosi nazoratga olindi.
A. Musayev, O‘zA