Yozgi oromgohlarda "yashil" tafakkurga yo‘l
Bolalarda ekologik madaniyatni shakllantirish faqat darslar bilan emas, balki oromgohlardagi tabiat qo‘ynida o‘tkaziladigan tadbirlar orqali yanada samarali bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 15 maydagi “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida mamlakatimiz bo‘ylab bolalar oromgohlarida keng qamrovli ekologik targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Sariosiyo tuman tashkiloti tomonidan “Xonjiza” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida ekologik tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ishtirokchi bolalar bilan tabiatni asrash, chiqindilarni qayta ishlash, suv va energiya resurslaridan oqilona foydalanish hamda sog‘lom hayot tarzi haqida suhbatlar o‘tkazildi. Qiziquvchan yoshlar o‘rtasida viktorinalar, interaktiv mashg‘ulotlar va ijodiy tanlovlar orqali ekologik bilimlarni mustahkamlashga e’tibor qaratildi.

Mazkur tashabbus orqali bolajonlar ekologik muammolarga befarq bo‘lmaslik, tabiatga mehr va e’tibor bilan qarash, shuningdek, “yashil” qadriyatlarni kundalik hayotga singdirish zarurligini anglab yetishdi.
N.Rahmonova, O‘zA