Yozgi oromgohlar — bolalikning ajoyib maskani
Mirzaobod tumanidagi 21-sonli umumta’lim maktabida Sirdaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda Mirzaobod tuman bo‘limi tashabbusi bilan yozgi sog‘lomlashtirish mavsumini samarali tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda soha mutasaddilari, ta’lim muassasalari rahbarlari hamda sog‘lomlashtirish maydonchalari mas’ullari ishtirok etishib, joriy yilgi yozgi sog‘lomlashtirish mavsumini yuqori saviyada tashkil etish, bolalar xavfsizligini ta’minlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish hamda tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirishga doir ustuvor vazifalarni muhokama qilishdi.
Ta’kidlanganidek, yozgi sog‘lomlashtirish mavsumi bolalar uchun nafaqat dam olish davri, balki ularning intellektual salohiyatini rivojlantirish, ma’naviy-axloqiy dunyoqarashini kengaytirish, vatanparvarlik, do‘stlik va hamjihatlik kabi ezgu fazilatlarni mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim tarbiyaviy jarayondir.
Joriy yilda Sirdaryo viloyatida 4250 nafar o‘quvchini yozgi sog‘lomlashtirish tadbirlari bilan qamrab olish rejalashtirilgan. Ularning 2100 nafari Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi “Zomin” hamda Sirdaryo tumanidagi “Sirdaryo” statsionar bolalar oromgohlarida dam olishadi. Qolgan o‘quvchilar esa viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tizimidagi 34 ta umumta’lim maktabi qoshida tashkil etilgan sog‘lomlashtirish maydonchalariga jalb etiladi.
Mavsum davomida fan kechalari, intellektual viktorinalar, mushoiralar, sport musobaqalari, kitobxonlik tadbirlari va turli ijodiy tanlovlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning iqtidori va qiziqishlarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Seminarda mazkur vazifalarni samarali amalga oshirish, bolalar xavfsizligini ta’minlash va tarbiyaviy ishlar mazmunini boyitish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
[gallery-29847]
– Yozgi sog‘lomlashtirish mavsumi bolalar uchun nafaqat dam olish, balki ularning intellektual, ma’naviy va jismoniy rivojlanishini ta’minlaydigan muhim tarbiyaviy jarayondir. Shu bois har bir oromgoh va sog‘lomlashtirish maydonchasi faoliyatini yuqori saviyada tashkil etish, bolalar uchun xavfsiz va mazmunli muhit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda,– dedi Sirdaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining ta’lim-tarbiya yo‘nalishi bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Xilola Nazarbekova.
Mutaxassislar fikricha, yozgi ta’til davrini mazmunli tashkil etish bolalarni turli salbiy ta’sirlardan asrash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA