Yozgi biatlon: Bo‘stonliq tumani birinchi bo‘ldi
Chirchiq shahridagi “Qibray” sport majmuasida 1998-2002 hamda 2003 yillarda tug‘ilgan yoshlar o‘rtasida yozgi biatlon bo‘yicha Toshkent viloyati kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Toshkent viloyati kengashi hamda Chirchiq avtomobil maktabi hamkorligida tashkil etilgan mazkur kubok bellashuvlarida viloyatning barcha tuman va shaharlaridan 100 nafar yosh biatlonchilar ishtirok etishdi.
Murosasiz va qiziqarli o‘tgan bellashuvlarning yakuniy natijalariga ko‘ra 1998-2002 yillarda tug‘ilgan qizlar o‘rtasida Bibimaryam Suyunova birinchi o‘rinni, Shaxlo Mahmudova ikkinchi, Dilrabo Baxtiyorova uchinchi o‘rinni egalladi . Xuddi shu yosh toifasidagi o‘g‘il bolalar bahsida Bekzod Bekov birinchi, Yusuf Abdullayev ikkinchi, Oybek Mamatqulov uchinchi o‘rinlarga ega chiqdi. 2003 yilda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi musobaqada M. Urkinbayev (1-o‘rin), S. Husanov (2-o‘rin), X. Mahkamov (3-o‘rin)lar kuchli uchlikdan joy olishdi. 2003 yilda tug‘ilgan qizlar orasida Santalat Tohirova birinchi, Alime Ayidinova ikkinchi, Inobat Tojiboyeva uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritib, shohsupaga ko‘tarilishdi.
Umumjamoa hisobida Bo‘stonliq tumani jamoasi bosh sovrin egasi bo‘ldi. Chirchiq shahri jamoasi ikkinchi va Parkent tumani jamoasi uchinchi o‘rinlarni egallashdi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal va esdalik sovg‘lari bilan mukofotlanishdi.
Said G‘ANIEV,
Chirchiq avtomobil maktabi boshlig‘i:
- Ushbu musobaqani o‘tkazishimizdan maqsad - yoshlar orasida sportning texnik va amaliy turlarini keng ommalashtirish, qolaversa, yozgi biatlon bo‘yicha viloyat terma jamoasiga iqtidorli sportchilarni saralash va respublika miqyosida o‘tadigan yozgi biatlon bellashuvlarida kuchlilar qatoridan joy olishini ta’minlashdan iborat.