Yoshlikka xos jo‘shqinlik, ilhom va zavqqa to‘la mushoira
Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan iste’dodli yosh shoir va ijodkorlar ishtirokida «Eng gullagan yoshlik chog‘imda» nomli adabiy mushoira kechasi tashkil etildi.
Yoshlarga xos jo‘shqinlik, shijoat va zavqqa yo‘g‘rilgan adabiy mushoirada O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi rahbariyati, taniqli shoir va yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar, ijodkor yoshlar hamda she’riyat muxlislari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning intellektual, ma’naviy va ijodiy salohiyatini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ilm-fan, madaniyat va adabiyot sohalaridagi faolligini oshirishga oid farmon va qarorlari, ezgu va hayotbaxsh tashabbuslari muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Ayniqsa, yoshlarning ma’naviy kamolotini yuksaltirishga qaratilgan tashabbuslar ijrosi doirasida ijodkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, taniqli shoir Minhojiddin Mirzo, taniqli adib va publitsist Xurshid Do‘stmuhammad, ustoz shoirlar Salim Ashur, G‘ayrat Majid, Rustam Musurmon va boshqalar mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ularning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, milliy adabiyotni yangi avlod ijodkorlari bilan boyitish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish va ustoz-shogird an’analarini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘zladi.

Kechaning asosiy qismida yosh shoirlar Vatan, inson qadri, muhabbat, ezgulik, ona, tinchlik, orzu-intilish va yoshlikni tarannum etuvchi she’rlarini o‘qib eshittirdi. Ular tomonidan yangragan har bir misra qalblarga iliqlik, ezgulik va hayotga muhabbat tuyg‘ularini ulashdi.
Ustoz adiblar yosh ijodkorlarning chiqishlarini yuqori baholab, badiiy mahoratni oshirish, milliy adabiyot an’analariga sodiq qolgan holda zamonaviy ijodiy izlanishlarni davom ettirish yuzasidan qimmatli tavsiya va maslahatlar berdi.

“Eng gullagan yoshlik chog‘imda” mushoirasi yosh iste’dodlarni bir maydonga jamlagan, ularning ijodiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlagan, she’riyat orqali yuksak ma’naviyat, vatanparvarlik va insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etgan muhim adabiy anjuman sifatida ishtirokchilar qalbida unutilmas taassurot qoldirdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi kelgusida ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati doirasida iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy faoliyatini rag‘batlantirish va milliy adabiyotimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan yangi avlod ijodkorlarini tarbiyalashga qaratilgan loyihalarni izchil davom ettiradi.
N.Usmonova,
Ahmadjon To‘rayev (suratlar),
O‘zA