"Yoshlik" talabalar shaharchasida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik muhokama qilindi
Yangi o‘quv yilining boshlanishiga sanoqli kunlar qolmoqda.
Bu davrda talabalar uchun munosib sharoit yaratish, talabalar turar joylarini mavsumga puxta tayyorlash hamda yoshlarning xavfsizligini ta’minlash muhim vazifalardan biridir. Shu maqsadda Olmazor tumanidagi "Yoshlik" talabalar shaharchasida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari S. Rajabov, "Yoshlik" talabalar shaharchasi hokimi F. Temirov, oliy ta’lim muassasalarining prorektorlari, talabalar turar joylari direksiyalari direktorlari hamda TTJ bino boshliqlari ishtirok etdi.

Unda "Dolzarb 40 kunlik" tadbiri doirasida talabalar turar joylarining yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holati atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, talabalar turar joylarida yashash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, obodonlashtirish va ta’mirlash ishlarini yakunlash, mavjud kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish hamda talabalar xavfsizligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish davomida mas’ullarga talabalar turar joylarini yangi o‘quv yiliga puxta tayyorlash, aniqlangan muammolarni tezkorlik bilan hal etish va yaratilgan shart-sharoitlarni yanada yaxshilash yuzasidan tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.
Hamroz Bayonov,O‘zA