Yoshlarning saylovlarda ishtiroki muhim
Markaziy saylov komissiyasi va BMTTDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligidagi 2019-2021 yillarda O‘zbekistonda saylov jarayonini qo‘llab-quvvatlash qo‘shma loyihasini amalga oshirish doirasida joriy yilning 24 oktyabrida bo‘lib o‘tadigan saylovda ayollar, yoshlar va imkoniyati cheklangan shaxslarning yanada faol ishtirokini rag‘batlantirish yo‘nalishida bir qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Markaziy saylov komissiyasi doimiy a’zosi Gulnoza Rahimova va BMT Taraqqiyot dasturining bosh texnik maslahatchisi Georgiy Baratashvilining G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti talabalari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning asosiy maqsadi yoshlarga saylov qonunchiligini tushuntirish, ularning saylov jarayonlaridan xabardorligini oshirish.
Uchrashuvda mamlakat yoshlarining saylovda ongli ishtiroki masalasiga alohida e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi. Bunday tadbirlarni o‘tkazish orqali O‘zbekiston yosh saylovchilarining saylov jarayoni asoslari haqidagi bilim darajasi, ularning siyosiy jarayonlardagi faolligi va daxldorligi, saylash va saylanish huquqlariga nisbatan mas’uliyatli munosabatini shakllantirish ta’minlanadi.
– Yoshlarning saylovda ishtirok etishi muhim, chunki mamlakat kelajagi ularga bog‘liq. Siz, yosh saylovchilar sifatida, saylov qonunchiligini yaxshi bilishingiz, faol saylov huquqingizdan – O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining saylovda ovoz berish huquqidan foydalanishingiz lozim, – dedi G. Rahimova.
– Ko‘pchiligingiz saylovda birinchi marta ishtirok etasiz. Saylovchilarning saylov haqidagi xabardorligini oshiradigan bunday uchrashuvning ahamiyatini alohida ta’kidlashni istardim. Siz bugun olgan ma’lumotlaringizni oila a’zolaringiz bilan baham ko‘rishingiz mumkin, shunda ular joriy yilning dekabridan oktyabriga ko‘chirilgan saylov kuni haqida xabardor bo‘lishadi. Shunday qilib, siz ularning saylovchi sifatida ovoz berishda faol ishtirok etishiga o‘z hissangizni qo‘shasiz, – deya ta’kidladi Georgiy Baratashvili.
Uchrashuvda talabalar hozirgi saylov kampaniyasi va oldingi saylovlarning bir-biridan farqi, 2021 yildagi saylov kampaniyasining asosiy bosqichlari, saylov jarayoni sub’ektlarining huquqiy maqomi, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati va boshqa ma’lumotlar bilan tanishtirildi.
Bo‘lajak saylovlarda kuzatuvchilarning ishtiroki masalasi muhokama qilindi. Xususan, mahalliy va xalqaro kuzatuvchilarning roli nafaqat saylov jarayoniga texnik baho berish nuqtai nazaridan, balki shaffoflikni va saylovga bo‘lgan ishonchni oshirish uchun muhim ekanligi qayd etildi.
– Xalqaro kuzatuvlar sonining ortib borishi xalqaro kuzatuvchilar missiyalari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik tufayli mahalliy, partiyasiz kuzatuvlarning rivojlanishiga katta hissa qo‘shdi. Monitoring hisobotlari va tavsiyalar to‘plamining e’lon qilinishi saylov jarayonining har tomonlama baholanishini ta’minlaydi va hukumatlarga saylov qonunchiligini yanada takomillashtirish yo‘llarini aniqlashga yordam beradi, – dedi G.Baratashvili.
Uchrashuv yakunida saylov jarayonining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA