Yoshlarning innovatsion loyihalari rag‘batlantirilmoqda
Poytaxtimizda “Davlat mobil ilovalarini ishlab chiqish” yo‘nalishi bo‘yicha “mGov Award” tanlovining loyihalarini yakuniy baholashga bag‘ishlangan “Demo Day” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tanlov IT Park tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va BAA hukumati ko‘magida uchinchi marta o‘tkazilmoqda.
Tanlovni ishga tushirishda ikki hamkor mamlakat rahbariyati ishtirok etdi. O‘zbekiston tomonidan tadbirni IT Park direktorining innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Jahongir Rajabov, BAA tomonidan Davlat xizmatlari samaradorligi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi — Mushira Al-Zaruniy ochib berdi.

“Demo Day” tadbirida O‘zbekiston va BAAdan kelgan mutaxassislardan iborat maxsus komissiya tomonidan tanlangan eng yaxshi 20 ta jamoa taqdimot o‘tkazdi. Har bir loyihaga o‘z ishlanmalari haqida gapirib berish va hakamlar hay’atini ularning ilovalaridagi u yoki bu muammoni hal qilishiga ishontirish uchun 10 daqiqa vaqt berildi.
“mGov Award” tanlovining maqsadi yoshlarning davlat bilan jamoaviy ishlash va mobil davlat xizmatlarini yaxshilash uchun innovatsion yechimlar ishlab chiqishdagi ishtirokini rag‘batlantirish. Yaratilgan yechimlarning eng yaxshilari davlat idoralarida amalga oshiriladi.

Misol uchun, “Demo Day” tadbiriga yo‘llanma olgan loyihalardan biri Drivesafe — uyquchanlik bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun video monitoring va ogohlantirishlardan foydalanadigan ilova.
Voltiva — qulay foydalanish va monetizatsiya uchun yagona dastur asosida quvvatlash stansiyalari, haydovchilar va uydagi quvvatlash qurilmalarini birlashtirish orqali elektromobillarni quvvatlash jarayonini osonlashtiradi.
Ziyarat Mobile —mahalliy va xorijiy sayyohlarga O‘zbekistondagi tarixiy obidalar haqida batafsil ma’lumot beruvchi mobil ilova.

Joyla — yaqin atrofdagi mahsulotlarni sotib olish va sotish uchun mo‘ljallangan mahalliy e’lonlar platformasi.
Tanlov g‘oliblari 2024 yil yanvar oyida bo‘lib o‘tadigan taqdirlash marosimida e’lon qilinadi.
Turnirning umumiy sovrin jamg‘armasi 100 ming AQSH dollarni tashkil etadi.
N.Rahmonova, O‘zA