Yoshlarning ekologik bilimlari sinovdan o‘tkazildi
Bugungi kunda aholining, ayniqsa, yoshlarning ekologik bilim va madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi”da ta’lim muassasalaridagi farzandlarimizdan tortib 90 foiz davlat organlari, korxona va muassasalari xodimlarining, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishga oid qator vazifalar belgilab berildi. Jamiyatda yuksak ekologik madaniyatni shakllantirish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish lozimligi konsepsiyada o‘z aksini topdi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi mazkur konsepsiya doirasidagi vazifalar ijrosidan kelib chiqqan holda qator ishlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, partiya tashabbusi bilan yoshlar o‘rtasida ekologik bilim va savodxonlikni oshirish, jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirish maqsadida "Eko Intellekt" zakovat turniri tashkil etildi.

Tadbirda yurtimizdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari va yoshlar tashkilotlaridan tuzilgan jamoalar ishtirok etdi. Jumladan, Toshkent kimyo-texnologiya institutining "Yosh kimyogarlar", Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Toshkent filialining "Luky team", Toshkent davlat agrar universitetining "Agrar junior", shuningdek, Respublika yosh olimlar Kengashining "Millat olimalari" jamoalari turnirda o‘z bilim va salohiyatini namoyon etdilar.

Bellashuv davomida ishtirokchilar ekologik sohadagi dolzarb masalalar bo‘yicha savollarga javob berib, muammolarga yechim taklif etish, jamoaviy fikrlash va tezkor qaror qabul qilish bo‘yicha o‘z mahoratini ko‘rsatdi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar partiyaning Markaziy Kengashi binosi, shuningdek, partiya tomonidan amalga oshirilayotgan ekologik loyihalar bilan yaqindan tanishdi. Bunday tadbirlar yangi o‘quv yili davomida ham yanada keng qamrovda, respublika miqyosida tashkil etilishiga kelishib olindi.
M.Komilova,
O‘zA