Yoshlarni yot g‘oyalardan asraylik
Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida “Yoshlarimizni yot g‘oyalar ta’siridan saqlash – barchamizning burchimiz” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Do‘stlik tumani hokimligi diniy ishlar bo‘yicha vakili, tuman maktabgacha va maktab ta’limi, ichki ishlar bo‘limlari, tuman bosh imom xatibi, ishchi guruh a’zolari, mahalla faollari, sportchilar va uyushmagan yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda Do‘stlik tumani din ishlari bo‘yicha maslahatchisi Obidjon Ulashov, tuman IIBning katta tezkor vakili mayor Noryigit Avvalboyev, tuman bosh imom xatibi Ahmad hoji Abdurasulov va boshqalar so‘zga chiqdi. Chegara va qonunlarni tan olmaydigan internet tarmoqlari orqali radikal g‘oyalarning kirib kelishi, buning oqibatida aholining zaif qatlamlari, ayniqsa, yoshlarning turli guruhlar ta’siriga tushib qolishining oldini olish maqsadida tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazishni yanada kuchaytirish va ta’sirchanligini oshirish lozimligi ta’kidlandi.

– Bugungi kunda mafkuraviy kurash globallashib, uning ta’sir doirasi butun dunyoni qamrab olmoqda, – deydi Do‘stlik tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi sho‘’ba rahbari Saidmurod Tog‘ayev. – Uning shakllari, usul va vositalari ham o‘zgarib bormoqda. Turli tahdid va yot g‘oyalar ta’siriga o‘quvchi, talaba va ayniqsa, uyushmagan yoshlarni, qolaversa, butun xalq ommasining ma’naviyatini mustahkamlash orqali qarshi kurashish mumkin. Yoshlarimizni yot g‘oyalar ta’siridan saqlash – barchaning burchidir.
Shuningdek, tadbirda yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan saqlash, internet tarmog‘i orqali turli diniy ma’lumotlarni tarqatmaslik, ota-onalar farzandlariga, trenerlar yosh sportchilarga, mahalla faollari uyushmagan yoshlarga targ‘ibot-tushuntirish ishlarini kuchaytirish zarurligi tushuntirildi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA