Yoshlarni maktabdanoq kasbga tayyorlash va ta’lim bosqichlari uzviyligini ta’minlash uchun komissiya tuziladi
Prezidentimiz ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Maktab – taraqqiyotning boshlang‘ichi, madaniyat va saodatning darvozasidir” degan so‘zlarini yodga oldi. O‘g‘il-qizlarimiz uchun bu darvozani yanada keng ochish, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish Uchinchi Renessans g‘oyasining o‘zagidir.
Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojlanar ekan, yangi kasblar paydo bo‘lmoqda, mavjud kasblar ham boshqa ko‘nikmalarni talab qilmoqda. Shu bois, maktab bitiruvchisi katta hayotga til va kasbni egallamasdan chiqmasligi kerak.
– Bolani maktabdan kasb, til o‘rgatmasdan chiqarish – uning kelajagiga beparvolik emasmi, – dedi Prezidentimiz.
Direktorlar o‘quvchilar qaysi til va kasbni o‘rganayotgani, bitirganda qanday hunarga ega bo‘lishi haqida jiddiy o‘ylashi zarurligi qayd etildi.
Maktab rahbarlariga zarur vakolatlar beriladi, hamkorlikka tayyor tadbirkorlarga sharoit yaratiladi. Yoshlarni maktabdanoq kasbga tayyorlash va ta’lim bosqichlari uzviyligini ta’minlash uchun komissiya tuziladi; uch oy ichida yangi yechimlar e’lon qilinadi.
O‘zA