Yoshlarni ilm-fan olamiga yetaklayotgan ustoz
1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni
Har bir inson hayoti – bitilmagan bir doston. Namanganlik Hamidullo Isaxonovning dostoni esa ilmga bag‘ishlangan, yosh avlod ta’lim-tarbiyasi va ularni ilm-fan olamiga olib kirish bilan boyitilgan. Bu dostonning har bir sahifasida bilim, mehnat, fidoyilik va yuksak maqsadlar aks etadi.
O‘z faoliyatini “Umumiy texnika fanlari” kafedrasida “Mexanizm va mashinalar nazariyasi” fanidan assistent sifatida boshlagan ustoz 1974yilda Moskvaning mashhur N. Bauman nomidagi Oliy texnika maktabida malaka oshirib qaytdi. Shu vaqtdan boshlab, ayni paytga qadar Namangan muhandislik-texnologiya institutida faoliyat yuritib kelmoqda.
[gallery-19512]
Muallim 1988 yilda paxtani dastlabki qayta ishlash ixtisosligi bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan va texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan. Ko‘p yillar davomida institutda kechki, sirtqi va kunduzgi ta’lim ishlari dekani sifatida faoliyat olib borgan. Keyinchalik, u iqtisodiyot va biznes bo‘yicha prorektor hamda boshqa yetakchi lavozimlarda ishladi.
Pedagogning izlanishlari samarasi 30 dan ortiq o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar, 100 dan ziyod ilmiy maqolalar chop etildi, 10 ta ixtiro uchun patent oldi.
Bugungi kunda Hamidullo Isaxonov minglab yoshlarning sevimli ustozi sifatida yoshlar qalbiga ilm nurlarini sochishda davom etmoqda.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA