Yoshlarni birlashtiradigan ma’naviy harakat
FOTOREPORTAJ
Ma’lumki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan, Surxondaryo viloyatida “Ma’naviyat sektori” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ushbu sektor tizimida “Ibrat maktabi” va “Yangi kuch” ijtimoiy harakatini tashkil etish vazifasi ham yuklangan edi. Kuni kecha ushbu loyihalar faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida o‘quv seminari tashkil etildi.
O‘quv seminarida Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassislari va viloyat bo‘limi mas’ullari, ta’lim muassasalari xodimlari ishtirok etdi.
Dastlab, “Surxondaryo tajribasi” sifatida ish olib borayotgan “Ma’naviyat sektori”ning maqsadi, vazifalari haqida so‘z bordi. Ta’kidlanganidek, sektor ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ishlarga mas’ul hisoblanib, u bog‘cha, maktab va oliy ta’limda boshlang‘ich tayanch sektorlariga ega. Ya’ni, yoshlarni vatanparvarlik, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularni turli yot g‘oyalardan asrash maqsadida ta’lim tashkilotlarida ham ma’naviyat sektori ish olib bormoqda. Xususan, maktablarda “Ibrat maktabi” loyihasi, oliy ta’lim muassasalarida esa “Yangi kuch” ijtimoiy harakati faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
[gallery-18875]
Seminar davomida yoshlarni birlashtiradigan, ularga ma’naviy saboq beradigan mazkur loyihalarning ishlash mexanizmi, samaradorligi tahlil qilindi.
“Yangi kuch” ijtimoiy-ma’rifiy harakati orqali oliy o‘quv yurtlaridagi ma’naviy-axloqiy muhitni yanada yaxshilash ko‘zda tutilgan. “Ibrat maktabi” loyihasi asosida esa o‘quvchilarga ibrat bo‘la oladigan guruh a’zolari shakllantirilgan.
Bugungi globallashuv sharoitida ma’naviyat va ma’rifatsiz yuksak cho‘qqilarni zabt etib bo‘lmaydi. Ajdodlarimiz ham ta’lim-tarbiyaning eng muhim omili sifatida ma’naviyat va ma’rifatga alohida ahamiyat berishgan. Zero, ma’naviyatli kishi hech qachon yot g‘oyalarga og‘ishmaydi. Ma’naviyat sektori tizimida tashkil etilayotgan mazkur loyihalar ham ayni shu maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA