Yoshlarga qanot bo‘lgan besh muhim tashabbus
Samarqand shahridagi yoshlar markazida besh tashabbus festivali o‘tkazildi.
Ta’kidlash lozimki, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbus mamlakatimiz yoshlari hayotida o‘z munosib o‘rnini topdi. Ularni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirildi. Yirik shaharlardan boshlab olis qishloq va ovullargacha besh tashabbus doirasi tadbirlar tashkil etildi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha iste’dodli yoshlar kashf etildi, o‘g‘il-qizlarning madaniyat va san’atga, sport, axborot texnologiyalari, kitobxonlikka qiziqishi oshdi. Ko‘plab yoshlarning hayotida bu tashabbuslar tub burilish yasadi.

Yoshlar markazi binosida ana shunday yigit-qizlar, ta’lim muassasalari o‘quvchilarining ko‘rgazmalari namoyish etildi.
Jumladan, Samarqand shahridagi eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalar maxsus maktab-internati “Yosh ijodkorlar” to‘garagi a’zolari tomonidan yaratilgan milliy hunarmandlik, rassomlik mahsulotlari tadbir qatnashchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

– O‘quvchilarimiz ushbu to‘garak mashg‘ulotlarida qatnashib, san’at, madaniyat, hunarmandchilik bo‘yicha ko‘nikma va mahoratini oshiradi, – deydi maktab-internat o‘qituvchisi Rahmatilla Xushvaqtov. – Ana shunday iste’dodli o‘quvchilarimizdan biri Ozodbek Rahmatov shu to‘garakka qatnashib, bir qator nufuzli ko‘rik-tanlovlarda qatnashgan va faxrli o‘rinlarni olgan. Yaqinda, oktyabr oyida Rossiyaning Moskva shahrida o‘tkazilgan “Yangi avlod” yosh ijodkorlar festivalida tasviriy san’at yo‘nalishi bo‘yicha “Mening qishlog‘im” nomli asari bilan qatnashib, birinchi o‘rinni egallab qaytdi.
Festivalda Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari X.Ochilov va boshqa mas’ullar so‘zga chiqib, viloyatda besh tashabbus doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Yil davomida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlov hamda musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan, viloyatning barcha shahar va tumanlaridan kelgan o‘quvchilar, ularning ustozlari munosib taqdirlandi.

– Axborot texnologiyalari yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda yengil konstruksiyali qurilish materiallaridan bunyod etilgan binolarni buzmasdan ko‘chirishda qo‘llaniladigan qurilma (kran) loyihasi bilan qatnashgandim, – deydi Samarqand shahridagi 80-umumta’lim maktabi o‘quvchisi G‘olibjon Dilshodov. – Ushbu ishim yuqori baholanib, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim. Bundan juda xursandman. Hali yana bir qancha loyihalarim bor. Ular ustida ham ishlab, ixtirolar qilish niyatidaman.

Festival shahar va tumanlaridan kelgan 250 nafardan ziyod o‘quvchilarni birlashtirdi.

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA.