Yoshlarga oid ishlar reyting tizimi doirasida baholanadi
Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida yuqori palataning navbatdagi yalpi majlisining kun tartibidan o‘rin olgan “Reklama to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni muhokama qilindi.
Hujjatning 16-moddasida boshqa tovar reklamasida qo‘llaniladigan yoki video va kino mahsulotlarida, shuningdek, boshqa ilm-fan, adabiyot va san’at asarlarida (mualliflik huquqi), efir yoki kabel orqali ko‘rsatuvlar (eshittirishlar) beruvchi tashkilotlarning ijrolarida, fonogrammalarida foydalaniladigan umumiy yechimni, matnni, tasvirni, musiqali yoki ovozli effektlarni aynan takrorlashga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.
Senatorlar mazkur normaning g‘oyat dolzarbligini qayd etdilar. Chunki aksariyat ijodkorlarning asarlaridan, filmlardagi matnlardan reklama jarayonida ruxsatsiz foydalaniladi. Bu masala senatorlar tomonidan tanqid ostiga olindi, bu kabi holatlarga endilikda qonunan chek qo‘yilishi ta’kidlandi.
Majlisda Senat tomonidan amaliyotga joriy etilgan yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda olib borilishi bo‘yicha reyting tizimi doirasida amalga oshirilgan ishlar ham muhokama etildi. Bu borada ishchi organ sifatida Yoshlar ishlari agentligi rahbariyatining axboroti eshitildi.

Ta’kidlanganidek, reyting baholashga ko‘ra, eng yuqori natija ko‘rsatgan 3 ta (1, 2 va 3-o‘rin) hudud rahbari hamda ularning yoshlar masalalariga mas’ul bo‘lgan o‘rinbosarlarini moddiy hamda ma’naviy rag‘batlantirish tartibi, hududlarni indikatorlar asosida reyting baholash metodikasi ishlab chiqilgan.
Reyting baholashga ko‘ra eng yuqori natija ko‘rsatgan hududda 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan yoshlar va talabalar forumi tashkil qilinishi ta’kidlandi.
Yakunda ko‘rilgan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.
Senatning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasining ham majlisi o‘tkazildi. Unda “Organik mahsulotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni hamda qo‘mitaning 2020-2021 yillardagi faoliyati ham muhokama etildi.
Qo‘mita tomonidan hisobot davrida qonunchilik va parlament nazorati faoliyati doirasida vazirlik, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining 2 marta hisoboti, 11 marta axboroti eshitilgan. Fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ham ishlar olib borildi. Hisobot davrida Senatga kelib tushgan 2800 dan ziyod murojaatlar ko‘rib chiqilgan.
Muhtarama Komilova, O‘zA