Yoshlarga ishonch — yangi O‘zbekiston taraqqiyotining eng katta sarmoyasi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yoshlar kuni munosabati bilan "Olimpiya shaharchasi"da yoshlar bilan o‘tkazgan uchrashuvi va unda bildirilgan fikrlar mamlakatimizda inson kapitaliga, ayniqsa, yosh avlodga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi. Davlatimiz rahbari yoshlar uchun amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, ularning natijalari hamda kelgusida hayotga tatbiq etiladigan yangi tashabbuslarni atroflicha bayon qildi.
Bugungi kunda dunyo taraqqiyotiga nazar tashlasak, mamlakatlar o‘rtasidagi raqobat tabiiy boyliklar yoki hudud kengligi bilan emas, balki bilim, texnologiya va inson kapitali bilan belgilanayotganini ko‘ramiz. Prezidentimiz ham aynan shu haqiqatga urg‘u berib, yangi O‘zbekiston taraqqiyotining eng muhim tayanchi bilimli, zamonaviy fikrlaydigan va tashabbuskor yoshlar ekanini alohida ta’kidladi. Bu esa mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati uzoqni ko‘zlagan strategik yo‘nalish sifatida shakllanganini anglatadi.
So‘nggi yillarda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash sohasida mutlaqo yangi tizim shakllandi. Har bir mahallada yoshlar yetakchilari faoliyati yo‘lga qo‘yildi, “Yoshlar daftari” orqali yuz minglab yigit-qizlarning muammolari hal etilmoqda. Ta’lim, bandlik, tadbirkorlik va ijtimoiy himoya bo‘yicha samarali mexanizmlar ishga tushirilyapti. Bu sa’y-harakatlar natijasida yosh tadbirkorlar soni bir necha barobarga oshdi, millionlab yoshlar xorijiy tillar va zamonaviy kasblarni o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Xalqaro olimpiadalar va sport musobaqalarida qo‘lga kiritilayotgan yuksak natijalar ham ana shu tizimning amaliy samarasi desak, yanglishmagan bo‘lamiz.

Prezidentimiz tomonidan e’lon qilingan yangi tashabbuslar esa yoshlar siyosati yanada yuqori bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi. “Kelajak bilimlari ekotizimi” orqali har yili yuz minglab yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish, “kasb vaucheri” tizimini joriy qilish, xususiy o‘quv markazlari va texnikumlarni qo‘llab-quvvatlash, xorijda tahsil olayotgan yoshlar bilan tizimli ishlash kabi tashabbuslar har bir o‘g‘il-qizga keng imkoniyatlar yaratadi.
Ayniqsa, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohasiga qaratilgan e’tibor bugungi zamon talablariga to‘liq mos keladi. Superkompyuter klasteri, sun’iy intellekt laboratoriyalari, yangi IT-Parklar, “Mening birinchi kompyuterim” dasturi, iqtidorli talabalar uchun maxsus stipendiyalar hamda startaplarni moliyalashtirish tizimining kengaytirilishi mamlakatimizning raqamli iqtisodiyotga o‘tish jarayonida yoshlar hal qiluvchi kuchga aylanishini anglatadi. Bu imkoniyatlar nafaqat yangi ish o‘rinlari yaratadi, balki o‘zbekistonlik yoshlarni xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlarga aylantirishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda ularning g‘oya va takliflarini diqqat bilan eshitgani ham alohida ahamiyatga ega. Bu mamlakatimizda davlat va yoshlar o‘rtasida ochiq muloqot muhiti shakllanganini ko‘rsatadi. Yoshlar tomonidan ilgari surilayotgan innovatsion g‘oyalar, startaplar, ekologik loyihalar, madaniy va ma’rifiy tashabbuslarning davlat darajasida qo‘llab-quvvatlanayotgani ularning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda.
E’tiborli jihati shundaki, yaratilayotgan imkoniyatlar faqat poytaxt yoki yirik shaharlarda yashovchi yoshlarga emas, balki eng chekka qishloqlardagi iqtidorli o‘g‘il-qizlarga ham teng darajada yetkazilmoqda.
Bugun men Yoshlar kunini yosh olim sifatida emas, balki yoshlarning ilmiy salohiyatini rivojlantirishga hissa qo‘shishga intilayotgan ustoz sifatida qarshi olyapman. Bu men uchun katta g‘urur bilan birga, ulkan mas’uliyat ham bag‘ishlaydi. Shu o‘rinda har bir yoshga aytmoqchimanki, orzularingizdan hech qachon voz kechmang, ilmni tanlang, izlanishdan charchamang. Boisi, bugungi izlanuvchan yosh — ertangi kunning yetuk olimi, muhandisi, ixtirochisi va Vatan taraqqiyotining bunyodkori bo‘ladi.
Prezidentimizning Yoshlar kuniga bag‘ishlangan nutqi nafaqat bayram tabrigi, balki mamlakatimiz yoshlari uchun yangi taraqqiyot dasturi sifatida ahamiyat kasb etdi. Unda ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar minglab yigit-qizlarning hayotini ijobiy tomonga o‘zgartirish, ularning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish hamda yangi O‘zbekistonning intellektual salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Men ham ana shu yoshlar safida ekanimdan, ilm yo‘lida erishgan yutuqlarim ortida davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyatlar mujassam ekanidan cheksiz faxrlanaman. Zero, yoshlarga bo‘lgan ishonch va ular uchun yaratilayotgan keng sharoitlar mamlakatning eng qimmatli sarmoyasidir.
Sanjar SHOQO‘CHQOROV,
Toshkent davlat texnika universiteti bo‘lim boshlig‘i,
texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent
O‘zA