Yoshlar yetakchilarining ota-onalari rag‘batlantirildi
Poytaxtimizda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan TOP-100 reytingga kiritilgan mahallalardagi yoshlar yetakchilarining ota-onalarini rag‘batlantirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, joriy yilning birinchi va ikkinchi chorak natijalari asosida TOP-100 reytingga kiritilgan mahallalarda yoshlar siyosatini muvaffaqiyatli amalga oshirishda alohida natijalarga erishgan yoshlar yetakchilari reytingi e’lon qilindi.

Mazkur yetakchilarni bugungi kunda mahalla tizimida yoshlarning haqiqiy yo‘lboshchilari deb atash mumkin. Ular jamiyatimizning istiqboli bo‘lgan yoshlarning intilishlari va maqsadlarini ro‘yobga chiqarishda ulkan hissa qo‘shmoqda.

Endilikda esa bu muvaffaqiyatlarning ortida turgan ota-onalar alohida e’tirofga sazovor bo‘ldi.

Yoshlar ishlari agentligi direktori, viloyat hokimlari va agentlikning boshqarma boshliqlari tomonidan yuqori natijadorlikka erishayotgan yoshlar yetakchilarining ota-onalariga samimiy minnatdorchilik bildirildi.

Tadbirda ularning mehnati va mehribonligi natijasida yurtimizning ertangi kunini yanada porloq qilishga qodir yoshlar yetakchilari yetishib chiqayotgani qayd etildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA