Yoshlar – Yangi O‘zbekiston islohotlarining tayanchi
Navoiy shahrida “Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi” shiori ostida o‘tkazilgan yoshlar festivali doirasida gala-konsert bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov ishtirok etib, mamlakatimiz taraqqiyotida yoshlarning o‘rni va ahamiyati tobora ortib borayotganini alohida ta’kidladi. Bugungi kunda yurtimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim olishi, kasb egallashi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi hamda jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Ta’lim tizimini takomillashtirish, yoshlar bandligini ta’minlash, iqtidorli o‘g‘il-qizlarni rag‘batlantirish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
Festival doirasida turli tanlov va loyihalarda yuqori natijalarga erishgan yoshlar munosib taqdirlandi. Gala-konsert davomida milliy va zamonaviy raqslar, kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
[gallery-29934]
Albatta, “Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi” festivali yoshlarning bilim, iqtidor va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni Vatan taqdiriga daxldorlik ruhida tarbiyalash hamda islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirishga xizmat qilmoqda. Zero, Yangi O‘zbekistonning bugungi va ertangi taraqqiyoti bilimli, fidoyi va tashabbuskor yoshlar bilan chambarchas bog‘liqdir.
A. Bo‘riyev, S. Aslonov (surat), O‘zA