Yoshlar xorijiy tillarni puxta o‘rganmoqda
Andijon viloyati Bo‘ston tumanida «Til bilgan el biladi» mavzusida umumta’lim maktablarida xorijiy tillarni o‘qitish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tuman hokimi Sanobarxon Nosirova, sektor rahbarlari, shuningdek, viloyatdagi qator umumta’lim maktablarining rus va ingliz tili fanlari o‘qituvchilari ishtirok etgan seminarda mamlakatimizda yosh avlodga xorijiy tillar, xususan, rus va ingliz tilini o‘rgatishga alohida e’tibor qaratilayotganligi, bu esa yurtimiz yoshlarining intellektual salohiyatini yuksaltirish, xalqaro fan olimpiadalari va boshqa turli tanlovlarda ishtirok etib, yuqori natijalarga erishishlarida muhim ahamiyat kasb etayotganligi ta’kidlandi.

Seminar ishtirokchilari tomonidan tumandagi 61-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining rus va ingliz tili fani o‘qituvchilarining ochiq darslari kuzatildi, darslarni ilg‘or pedagogik texnologiyalar, interfaol usullardan foydalangan holda o‘tkazilishi, ularning dars o‘tish mahorati tahlil qilindi. Shuningdek, o‘qituvchi A.Abduboqiyevning «Yo‘l harakati xavfsizligi» xonasida ingliz tilida o‘tgan darsi barchada katta taassurot qoldirdi.
– Tumanimizdagi umumta’lim maktablarida xorijiy tillarni o‘qitishga alohida e’tibor qaratiladi, – deydi Bo‘ston tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Yu.Azimova. – Bu esa yoshlarimizni xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirishlariga yaqindan yordam bermoqda, qolaversa, o‘g‘il-qizlarning xorijiy tillar bo‘yicha erishayotgan yutuqlari ham salmoqli bo‘lmoqda.

Seminar doirasida umumta’lim maktablari o‘quvchilar jamoalari o‘rtasida «Zakovat» intellektual bellashuvi o‘tkazildi. Ishtirokchilar rus va ingliz tillarini qay darajada bilishlarini, so‘zlashuv mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi.
Yakunda o‘quvchi yoshlar tomonidan badiiy dastur namoyish etildi. Seminarda faol ishtirok etgan, o‘qituvchi va o‘quvchilar, «Zakovat» intellektual bellashuvi g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA