Yoshlar xavfsizligi va ta’limiga e’tibor kuchaytiriladi
Yoshlarga e’tibor faqat ularning ta’limi bilan cheklanmaydi. Bugun maktabdagi xavfsizlik, zamonaviy sharoit, kitob o‘qish va bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish uchun yaratilgan imkoniyatlar ham muhim.
Shu nuqtai nazardan, Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-polkovnik B.Tashmatov Yoshlar kuni munosabati bilan poytaxtimizning Olmazor tumanidagi qator maskanlarda bo‘ldi.
Dastlab 22-son ixtisoslashtirilgan davlat umumiy ta’lim maktabida o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, ta’lim muassasasidagi xavfsizlik tizimi bilan tanishdi. Ayniqsa, o‘quvchilar davomatini raqamlashtirilgan tizim orqali aniqlash imkoniyatiga e’tibor qaratildi. Bunday tizim, avvalo, bolaning maktabga kelib-ketishi ustidan nazoratni kuchaytirish, ota-onalar xotirjamligini ta’minlash va maktabdagi tartibni yanada samarali tashkil etishga xizmat qiladi.

Tashrif davomida mavjud imkoniyatlarni yanada kengaytirish, xavfsizlik choralarini kuchaytirish va o‘quvchilar uchun qulay muhit yaratish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Yoshlarning dunyoqarashini kengaytirishda kitob va san’atning o‘rni ham alohida. Shu bois Milliy gvardiya qo‘mondoni Toshkent Zamonaviy san’at markazi hamda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi huzuridagi Respublika bolalar kutubxonasida ham bo‘lib, yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdi.
Shuningdek, Milliy gvardiyaning Bolalar kutubxonasidagi qurilish ishlari ham ko‘zdan kechirildi. Ushbu maskanning barpo etilishi yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni kitobxonlikka keng jalb qilish va intellektual muhitini boyitishga xizmat qiladi.
Nigora Rahmonova, O‘zA