Yoshlar – xalqimizning oltin fondi
Bugun “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi tashabbusi bilan “Yoshlarga daxldor qonun loyihalarini ishlab chiqishda yangi avlod vakillarining o‘rni” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Muloqotda davlatimiz rahbarining joriy yil 14 fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida ilgari surilgan taklif va tashabbuslar mazmun-mohiyati muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etadi va har yili mehnat bozoriga 600 mingdan ortiq yigit-qizlar kirib kelmoqda. 2030 yilga borib, bu ko‘rsatkich 1 million nafarga yetadi.
Bugungi kunda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 770 mingdan ortiq a’zolarining deyarli 53 foizga yaqinini yoshlar tashkil qiladi. Ushbu raqamlardan ko‘rinib turibdiki, “Milliy tiklanish”ning maqsad va g‘oyalarini hayotga tatbiq etishda yoshlarning o‘rni va roli muhim hisoblanadi.

Ochiq muloqotda ta’kidlanganidek, bugun oliy ta’lim olish istagidagi yoshlar safi kengayib bormoqda. Oliygohlar soni 3 barobar oshirilgani natijasida 42 foiz yoshlar qamrab olinmoqda. Xotin-qizlarga shartnoma to‘lovi davlat tomonidan qoplab berilayotgani hisobiga, ularning soni 11 karra ko‘paydi. Qolaversa, dunyodagi nufuzli universitetlarda 1 ming 500 dan ziyod o‘zbekistonlik talabalar tahsil olmoqda. Ilmiy darajali yosh olimlarimiz soni ham 2 karra ko‘payib, 4 ming nafardan oshdi.
Yoshlarimiz orasida chet tillarni o‘rganishga qiziqish keskin kuchaydi. So‘nggi 3 yilda til o‘rganayotgan yoshlar soni 2 millionga yetgan bo‘lsa, “IELTS” imtihonidan yuqori ball olganlar 5 karra ko‘paygan.

Alohida qayd etildiki, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi barkamol avlod salohiyatini ro‘yobga chiqarishni eng ustuvor vazifalaridan biri deb hisoblaydi. Partiyaning Saylovoldi dasturida yoshlar masalasiga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, ma’naviy tarbiya va sifatli ta’lim, partiyaning yoshlarga oid siyosati, kasb-hunar, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’lim hamda sog‘lom va faol hayotni ta’minlash, millat genofondini saqlash kabi yo‘nalishlarda bir qator g‘oya va maqsadlar ilgari surilgan.
Ochiq muloqotda so‘zga chiqqanlar davlat rahbarining yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida bildirilgan har bir taklif va tashabbuslar partiyaning maqsad va g‘oyalariga hamohang ekanligi, partiya “Yoshlar qanoti” faollari bu borada yanada faollik ko‘rsatishi lozimligini ta’kidladi.

Ochiq muloqot yakunida bildirilgan fikr va mulohazalar asosida davlat rahbari ma’ruzalarida ko‘tarilgan dolzarb masalalar mazmun-mohiyatini xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi deputatlar va lider yoshlar ishtirokida aholiga, xususan, yoshlarga yetkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishga kelishib olindi. Shuningdek, deputatlar bilan yoshlarga taalluqli masalalarga doir mansabdor shaxslarning hisobotini eshitish, o‘z sohasida namuna ko‘rsatgan yoshlarni partiyaning “Yoshlar” va “Ayollar” qanotlarining ekspertlik guruhlariga keng jalb etish, partiya faoliyatida alohida namuna ko‘rsatgan yoshlarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga oid takliflar ishlab chiqildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA