Yoshlar “Vatanparvarlar” bog‘i bilan tanishdi
Payshanba – Yoshlar kuni munosabati bilan Termiz shahridagi “Vatanparvarlar” bog‘ida harbiy-vatanparvarlik festivali o‘tkazildi.
Tadbirda Termiz shahridagi 17 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar, shuningdek, “og‘ir” toifadagi va probatsiya hisobida turuvchi yoshlar bog‘ bilan yaqindan tanishib, bu yerda ko‘rgazmaga qo‘yilgan harbiy texnika va qurol-aslahalarni ko‘zdan kechirdi.


Festivalda Termiz shahar IIB boshlig‘i M.Boltayev va sohaviy xizmatlar rahbarlari “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida barpo etilgan “Vatanparvarlar” bog‘ining yosh avlod tarbiyasidagi ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berdi. Yoshlarning Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhini yuksaltirish uchun bog‘da yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirdi. Qurolli Kuchlar tarixi, harbiy kasbning ahamiyati to‘g‘risida fikr almashildi. Jangovar shaylik bo‘yicha amaliy ko‘rgazmali mashg‘ulotlar namoyish etildi.


Surxondaryo viloyatida markazida 3,8 gektar maydonda barpo etilgan harbiy-vatanparvarlik bog‘i yoshlarning qiziqish va intilishlari e’tiborga olingan holda vatanparvarlik, sport, madaniy hordiq va ma’naviy ozuqa hududlariga ajratilgan. Bog‘ hududida harbiy texnika va qurol-aslahalar namoyishi maydoni, harbiylashtirilgan to‘siqlar yo‘lagi, “Mardlar yo‘lagi”, “Vorkaut” sport maydonchasi hamda xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan o‘ttizga yaqin harbiy xizmatchi xotirasiga bag‘ishlangan “Qahramonlar nomi barhayot” xotira burchagi tashkil etilgan.


Festival yoshlarning harbiy sohaga intilishini kuchaytirib, bo‘sh vaqtini sermazmun o‘tkazishi va ularning vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qilgani bilan ishtirokchilarda boy taassurot uyg‘otdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri