“Yoshlar va turizm” ko‘chasi ish boshladi
Sho‘rchi tumanidagi Guliston mahallasida so‘lim va zamonaviy “Yoshlar bog‘i” barpo etilib, “Yoshlar va turizm” ko‘chasi foydalanishga topshirildi.
Yoshlarning bo‘sh vaqtini sermazmun o‘tkazishi va turizmni rivojlantirish maqsadida 24/7 rejimda ishlaydigan yangi maskanda turli tadbirlar tashkil etish va maroqli sayr qilish, o‘g‘il-qizlarning o‘z iste’dodini keng namoyish etishi uchun barcha qulaylik yaratildi. Ikkita mini stadion, 250 o‘rinli tomoshagoh, "Warkout", basketbol, voleybol va harbiy-vatanparvarlik musobaqalari o‘tkazish uchun mo‘ljallangan maydonlar, amfiteatr bunyod etildi. Ko‘cha bo‘ylab qariyb 3,5 kilometr uzunlikda veloyo‘lak, gulchilik va ko‘chatchilikka ixtisoslashgan issiqxona qurildi.

Bu yerda o‘g‘il-qizlar o‘zlarini qiziqtirgan kasb-hunarni chuqur o‘rganishi uchun ham yetarli sharoit barpo etildi.

– Mahallamizda tashkil etilgan bu maskan biz yoshlarning bo‘sh vaqtimizni mazmunli o‘tkazib, orzu-istaklarimizni ro‘yobga chiqarishimizga ko‘maklashadi, – deydi Dilnura Abdurasulova. – To‘garaklarda qatnashib, sport bilan shug‘ullanamiz. Meni adabiyot to‘garagi tashkil etilgani juda xursand qildi. Yoshlar bog‘iga o‘rnatilgan jadid bobolarimiz, buyuk allomalarimiz, o‘zbek adabiyoti rivojiga munosib hissa qo‘shgan shoir va yozuvchilarimiz haqidagi qiziqarli ma’lumotlar bizni ulug‘ ajdodlarimiz kabi izlanuvchan va Vatanga sodiq farzandlar bo‘lishga yetaklaydi. Bu sharoitdan unumli foydalanib, tengdoshlarimiz bilan mushoira kechalari, bahri-bayt musobaqalari o‘tkazib, bilimlarimizni yana mustahkamlaymiz.

Tadbirda harbiy xizmatchilar va o‘quvchi-yoshlarning chiqishlari namoyish etildi. Hududda tashkil etilgan bog‘ga “Yashil makon” umummilliy dastur doirasida daraxt ko‘chatlari ekildi.

Tantanali marosimda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri