Yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yili
Munosabat

Yurtimizdagi tinchlik, hayotimizdagi to‘kinlik, farovonlik, erishgan yutuqlarimiz bois 2023 yil tarixga aylandi. Xalqimiz yangi orzu-umidlar ila 2024 yilga qadam qo‘ydi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigida bildirilgan samimiy tilaklar va e’tiroflar ko‘p millatli, tinchliksevar xalqimizga quvonch va mamnunlik bag‘ishladi.
2024 yilni mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”, deb e’lon qilingani biz – oliy ta’lim tizimi vakillarini ham nihoyatda quvontirdi. Chunki yoshlar – ilm-fan, yangilik yaratuvchilari, taraqqiyotimiz yo‘lida hal qiluvchi kuchdir. Biznes esa – kuchli iqtisodiyot asosi. Davlatimiz rahbari o‘z tabrigida yangi yilda iqtisodiyotimizga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlik va xususiy mulk uchun keng imkoniyatlar yaratilishi haqida alohida so‘z yuritdi.
Yangi O‘zbekistonni barpo etish uchun bor kuch va imkoniyatlar to‘liq safarbar etilishi xalqimizni, barcha soha vakillarini nihoyatda quvontirdi. Zotan, bularning barchasi inson qadri ulug‘lanayotgan mamlakatimizda tom ma’noda ezgulik tantana qilayotganidan dalolatdir.
Yurtdoshlarimiz ko‘nglidagi shukronalik, shodlik, xotirjamlik, ertangi kunga bo‘lgan ishonch esa fikrimiz isboti bo‘la oladi. Qadam qo‘ygan yangi yilda ham birgalikda, yangi kuch-shijoat bilan, fidoyilik bilan harakat va mehnat qilsak, oldimizga qo‘ygan maqsadlarimizga, albatta, erishamiz.
Yangi yil yoshlar imkoniyati uchun yangi ufqlarni ochib berishi, shubhasiz. Biz esa ularni yetuk mutaxassis bo‘lib shakllanishlari yo‘lida bor kuch va imkoniyatlarni sarf etishga bel bog‘laganmiz.
Sobitxon Turg‘unov,
Namangan davlat universiteti rektori,
pedagogika fanlari doktori, professor.
O‘zA.