Yoshlar uchun teatr oyligi
Maktabgacha va maktab ta’limi, Madaniyat va turizm vazirliklari hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondining qo‘shma qaroriga asosan, may oyi mamlakatimizda “Teatr oyligi” deb e’lon qilingan. Mazkur oylik doirasida Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi, Madaniyat va turizm boshqarmalari, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi tomonidan oliy o‘quv yurtlari talabalari, umumta’lim maktablari o‘quvchilari bog‘cha tarbiyalanuvchilarining maroqli madaniy hordiq chiqarishi hamda ma’naviy ozuqa olishlarini ta’minlash maqsadida qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Oylik doirasida viloyatda faoliyat olib borayotgan Z.M.Bobur nomli viloyat teatri, Andijon yoshlar hamda viloyat qo‘g‘irchoq teatrlari ijodiy jamoalari tomonidan tuman va shaharlardagi madaniyat saroylari, oliygohlar, umumta’lim maktablari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida spektakllar, turli teatr tomoshalari namoyish etilmoqda.
– Teatrimiz jamoasi shu kunlarda Bo‘ston tumani Madaniyat saroyida maktab o‘quvchilari uchun o‘zbek xalq ertagi asosida sahnalashtirilgan “Ur to‘qmoq” spektaklini namoyish etmoqda, – deydi Andijon yoshlar teatri direktori Bekzod Homidov. – Dars mashg‘ulotlaridan keyin tumandagi umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinf o‘quvchilari madaniyat saroyiga kelib, spektaklimizni tomosha qilmoqda, ko‘ngilli hordiq chiqarmoqda. Eng muhimi, bolajonlarning teatr san’atiga bo‘lgan qiziqishi ortmoqda, qolaversa, spektakl orqali qalblarida ezgulik hamisha qabohat ustidan g‘alaba qozonadi, degan ishonch mustahkamlanmoqda.
[gallery-11888]
Bundan tashqari, Andijon yoshlar teatri ijodiy jamoasi tomonidan Andijon mashinasozlik institutida “Maysaraning ishi”, Andijon davlat chet tillar institutida “To‘maris” spektakllari namoyish etildi. Viloyatda “Teatr oyligi” doirasida teatrlar jamoalarining spektakl va teatr tomoshalari namoyishlari davom etmoqda.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov
O‘zA