Yoshlar uchun biznes-sayyohat tashkil etildi
Yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish hamda kelgusida munosib kasb egallashi uchun zarur bilim va ko‘nikmalarni oshirish maqsadida Toshkent viloyatida turli amaliy tashabbus va loyihalar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi, “Yoshlar – Kelajagimiz” jamg‘armasi Toshkent viloyati filiali, Milliy gvardiya Toshkent viloyati boshqarmasi hamda Toshkent harbiy okrugi tashabbusi bilan "Nurafshon maxsus texnika" korxonasiga biznes-sayohat tashkil etildi. Unda harbiy xizmatchilar va yoshlar korxona faoliyati, ishlab chiqarish quvvatlari, zamonaviy texnologiyalar va mahsulot tayyorlash jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Mas’ul mutaxassislar zamonaviy texnikalar, ularning ishlash tamoyillari, texnik imkoniyatlari va amaliyotda qo‘llanilishi haqida batafsil ma’lumot berdi.
Mazkur korxona yiliga 3,5 ming dona shassi, 1,5 ming dona maxsus va harbiy texnika, 2 ming dona qishloq xo‘jaligi texnikasi, jumladan, traktorlar, shuningdek, 7 ming 200 tonna metall konstruksiya ishlab chiqarish imkoniga ega. Jarayonda qo‘llanilayotgan zamonaviy uskuna va texnologiyalar AQSH, Germaniya, Italiya, Shvetsiya, Rossiya, Xitoy va Turkiya kabi davlatlardan keltirilgan. Bu esa ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, mahsulot sifatini yaxshilash, zamonaviy texnik talablarga javob beradigan mahsulotlar turini kengaytirish imkonini bermoqda.

Korxonaning yana bir muhim jihati import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni mahalliylashtirish imkoniyatidir. Loyiha doirasida yiliga 15–18 million dollar miqdoridagi import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni mahalliylashtirish imkoniyati mavjud. Bu esa ichki bozor talabini ta’minlash bilan bir qatorda, mamlakatda mahalliy ishlab chiqarish zanjirini kengaytirish va sanoat salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Biznes-sayyohat davomida yoshlar ishlab chiqarish jarayonlarini bevosita kuzatib, texnika va texnologiyalar bilan tanishish barobarida turli kasb va mutaxassisliklar haqida ham tasavvurga ega bo‘ldi.

– Amaliy jarayonlarni ko‘rish ularning tadbirkorlikka qiziqishini oshirish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarni anglash va kelgusi kasbiy rejalarini belgilashga xizmat qildi, – O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi bo‘lim boshlig‘i Muhammad Yusuf Ali Rahmatov. – Shuningdek, muloqotlar jarayonida yoshlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javoblar berildi. Zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish, kasbiy bilimlarni muntazam oshirib borish, tashabbuskorlik va mehnatsevarlik kabi sifatlarni shakllantirishning ahamiyati xususida fikr almashildi. Ayniqsa, muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan yoshlarning ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishishi ularning dunyoqarashini kengaytirish, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi va xizmatdan keyingi faoliyatini to‘g‘ri rejalashtirishda muhim ahamiyatga ega.

Toshkent viloyatida yoshlar bilan ishlashning bunday amaliy mexanizmlarini kengaytirish, ularni ishlab chiqarish va biznes muhiti bilan yaqinlashtirish, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun zarur imkoniyatlarni yaratish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
A.Musayev,O‘zA