Yoshlar til o‘rgangani uchun moddiy rag‘batlantiriladi
Soha vakillarining fikricha, inson miyasi mushakka o‘xshaydi – qancha ko‘p ishlatilsa, shuncha faollashadi. Biror xorijiy tilni o‘rganish inson miyasidan nafaqat qoidalar va lug‘at bilan tanishishni talab qiladi, balki unga bu bilimlarni eslab qolish va to‘g‘ri qo‘llash vazifasini ham yuklaydi.
Mamlakatimizda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 19 milliondan ortiq yoki aholining 55 foizini tashkil qiladi. Mehnat bozoriga har yili 600 ming yoshlar kirib kelayotgan bo‘lsa, kelgusi 10 yilda bu raqam 1 millionga yetadi. Shuningdek, chet elda ta’lim olayotgan va mehnat faoliyatini olib borayotgan yigit-qizlar safi yildan-yilga kengaymoqda. Bu borada ularga xorij tilini mukammal o‘rganishi uchun barcha imkoniyatlar taqdim etilgan.
Joriy yilning 27 iyunida davlatimiz rahbarining “Yoshlarni xorijiy tillarga o‘qitish tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur hujjatga asosan, imtihon topshirish xarajati qoplanadigan xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha ingliz, nemis, fransuz, koreys, xitoy va yapon tillaridan kamida S1 yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi sertifikat olgan yoshlarning imtihon topshirish xarajatlarini kompensatsiya qilishga qo‘shimcha ravishda o‘qish xarajatlarini qoplash uchun BHMning 3 baravari (1 mln 20 ming so‘m) miqdorida bir martalik moddiy rag‘batlantirish tizimi joriy etiladi.
2024 yil 1 sentyabrdan 2027 yil 1 yanvargacha yoshlarning nemis, fransuz, koreys, xitoy va yapon tillari bo‘yicha xalqaro imtihon tizimlarida imtihon topshirish xarajatlari qoplab berilishi uchun ular tomonidan to‘planishi lozim bo‘lgan ballning (sertifikat darajasining) minimal ko‘rsatkichi bir pog‘ona pasaytiriladi.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining sinf xonalarini ta’lim jarayonidan bo‘sh vaqtda kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘qitish faoliyatini amalga oshirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida tekin foydalanish huquqi bilan xususiy o‘quv markazlariga berishga ruxsat etiladi.
Bunda tegishli umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining ro‘yxati Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA