Yoshlar tashabbuslari doim qo‘llab-quvvatlanadi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayevning ta’lim, sport, madaniyat, san’at hamda boshqa sohalarda yuksak natijalarni qo‘lga kiritib kelayotgan bir guruh faol yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yosh avlodni ma’naviy barkamol etib tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishini ta’minlash, ularning ehtiyojlari va qiziqishlariga muvofiq ijodiy va badiiy qobiliyatlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Nukus shahrida tashkil etilgan Ishchi guruh tomonidan Yoshlar yetakchilari bilan birgalikda 64 ta mahallada uyma-uy xatlov ishlari amalga oshirilib, 14-30 yoshdagi 74 ming 683 nafar yoshning balansi to‘liq shakllantirildi. Ushbu balans asosida aniqlangan har o‘n beshinchi ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan 4 ming 839 nafar fuqaro 19 ta ko‘mak turi bo‘yicha “Yoshlar daftari” elektron platformasiga kiritildi. Ularga 12 milliard so‘mga yaqin mablag‘ hisobidan amaliy yordam ko‘rsatildi.
Yaratilgan bunday imkoniyatlardan foydalangan yoshlar barcha sohalarda yuksak natijalarga erishib kelmoqda. Jumladan, Rossiya Federatsiyasining Vladivostok shahrida o‘tkazilgan “Osiyo bolalari” xalqaro sport musobaqasida Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 5 nafar sportchi ishtirok etib, barchasi sovrinli o‘rinlarni egalladi. Turkiyaning Konya shahrida V Islom birdamligi o‘yinlari sport musobaqalarida 29 nafar sportchi ishtirok etib, shundan 13 nafari jami 19 ta medalni qo‘lga kiritdi.

Yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning ma’naviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga ko‘maklashish, yoshlarni vatanparvarlik, fuqarolik tuyg‘usi, bag‘rikenglik, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash bugungi kunda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.
Tadbirda bir guruh faol yoshlar munosib taqdirlandi. Jumladan, erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi terma jamoasi a’zosi Aqtenge Keo‘limjayeva “Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoni, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filiali talabalari Nargiza Djumaniyazova, Shaxzada Ibragimova, Nukus olimpiya va paralimpiya zaxiralari sport kolleji o‘quvchisi Dilnoza Mambetnazarovaga “Umid uchquni” ko‘krak nishoni topshirildi.

Shuningdek, Rossiya Federatsiyasining Vladivostok shahrida o‘tkazilgan “Osiyo bolalari” xalqaro sport musobaqasi hamda Turkiyaning Konya shahrida o‘tkazilgan V Islom birdamligi o‘yinlari sport musobaqalarida sovrinli o‘rinlarini qo‘lga kiritgan sportchilar va ularning murabbiylariga tashakkurnoma hamda pul mukofotlari berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 7 iyundagi “Yoshlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish maqsadida subsidiya asosida kompyuter, noutbuk jamlanmalari topshirildi.

Nukus shahar yoshlarining yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan “Nukus shahar tajribasi” tumanlarda ham davom ettirilib, qo‘shimicha 6 ming nafar yoshga amaliy yordam ko‘rsatish belgilandi. Buning uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi mahalliy byudjeti qo‘shimcha manbalari hisobidan 5 milliard so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.
Tadbirda yoshlar muammolarini aniqlash va ularni barataraf etish yuzasidan tegishli soha rahbarlariga topshiriqlar berildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA