Yoshlar tadbirkorlikka oid bilimini yanada boyitdi
Andijonda “Deputat, tadbirkor va yoshlar uchrashuvi” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi Andijon viloyati kengashi hamda Andijon shahridagi “SAMOINUR-AKFA” LTD mas’uliyati cheklangan jamiyati hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda partiyadan saylangan deputatlar, partiya faollari, tadbirkorlar va tadbirkorlikka qiziquvchi yoshlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
– Tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, yoshlarni samarali ish olib borayotgan tadbirkorlar faoliyati, ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish orqali ularning tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishini oshirish, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishlariga ko‘maklashish, – deydi xalq deputatlari Andijon viloyati kengashi deputatlari Rohatjon To‘ychiyev. – Qolaversa, bu borada yoshlarga motivatsiya berish, tadbirkorlik borasidagi bilimlarini boyitish ko‘zda tutilgan.
Tadbirda deputatlar tomonidan yoshlarga tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, yurtimizda yosh tadbirkorlarga yaratib berilayotgan sharoitlar, qonunchilikdagi imtiyozlar, kredit olish tartiblari haqida keng ma’lumot berildi.

“Tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun ishni nimadan boshlash kerak?”, “Tadbirkor qanday fazilatlar sohibi bo‘lishi lozim?” kabi qator savollar asosida viloyatda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar tomonidan tadbirda qatnashgan yoshlar uchun mahorat darslari, “Muvaffaqiyatga erishish sirlari” mavzusida motivatsion trening o‘tkazildi. Deputat va tadbirkorlar yoshlarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob qaytardi.
Tadbir ishtirokchilari “SAMOINUR-AKFA” LTD faoliyati, korxonaning ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi. Yoshlarning deputat va tadbirkorlar bilan uchrashuvi ularning tadbirkorlik borasidagi bilimlarini yanada boyitdi.

F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA