Yoshlar – soha taraqqiyotining tayanchi
Mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va salohiyatini yurt taraqqiyoti yo‘lida samarali safarbar etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkilot va korxonalar rahbarlarining yoshlar bilan ochiq muloqotlari yo‘lga qo‘yilgani esa iqtidorli, tashabbuskor va zamonaviy fikrlaydigan kadrlarni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bunday uchrashuvlar yoshlarning fikr va takliflarini eshitish, ularning muammolariga yechim topish, eng muhimi, bilimli va tashabbuskor avlodni mamlakatimiz islohotlarining faol ishtirokchisiga aylantirishga xizmat qilmoqda.
Ana shunday muloqotlardan biri “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyatida bo‘lib o‘tdi. Unda jamiyat boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi Ahmad Suvonqulov, Jahon banki loyiha rahbari Odete Muksimpua hamda ichimlik suvi ta’minoti, oqova suv tizimlari va ekologiya yo‘nalishlarida xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olgan bitiruvchilar va yosh mutaxassislar ishtirok etdi.

Muloqot davomida sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, yosh kadrlarning kasbiy rivojlanishi, ularning bilim va salohiyatidan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, bugungi kunda tizim korxonalarida faoliyat yuritayotgan yoshlarning yutuqlari e’tirof etilar ekan, yana bir qator mutaxassislarni Jahon banki ishtirokida amalga oshirilayotgan investitsiyaviy loyihalarga jalb etish rejalashtirilayotgani ta’kidlandi.

Uchrashuvda yoshlarning taklif va tashabbuslari tinglanib, ularni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda innovatsion yondashuvlarni keng qo‘llash yuzasidan fikr almashildi.

Ahmad Suvonqulov yosh mutaxassislar bilan ishlash, ularga kasbning barcha nozik jihatlarini o‘rgatish va o‘z tajribasini ulashishga doimo tayyor ekanini bildirib, ularning kelgusida ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari sohasining yetakchi mutaxassislari bo‘lib yetishishlariga ishonch bildirdi. Shu bilan birga, yoshlarni mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanishga, bilim va malakalarini muntazam oshirib borishga hamda mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga chaqirdi.

Bunday uchrashuvlar yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda soha uchun raqobatbardosh, zamonaviy fikrlaydigan mutaxassislarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning muvaffaqiyati bilimli, tashabbuskor va yurt taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashayotgan yoshlarga ko‘p jihatdan bog‘liqdir.
Nilufar Bozorova, O‘zA