Yoshlar saylovlarda faol qatnashadi
Siyosiy partiyalar jonlandi, lekin ularning faoliyatidan qoniqmayapmiz.
Saylov – 2019
Siyosiy partiyalar jonlandi, lekin ularning faoliyatidan qoniqmayapmiz. Avvalo, partiyalar o‘z ildizini mustahkamlashi, siyosiy qarashlarini to‘liq shakllantirib olishi zarur. Aksariyat aholi partiyalarning bir-biridan farqini bilmaydi.
Bu haqda Toshkent shahar Yoshlar markazida tashkil etilgan “Yosh saylovchi – 2019” forumi doirasida aytildi.
Forumda Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi A.Sa’dullaev, Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori A.Marahimov, deputatlar, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Ma’lumki, 22 dekabr kuni mamlakatimizda muhim siyosiy voqea O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga saylovlar bo‘lib o‘tadi.
Joriy yilgi saylovlar demokratik tamoyillar asosida ochiq, oshkoralik va shaffof tarzda o‘tadi. Shu maqsadda yangi Saylov kodeksi qabul qilindi. Forumda ana shu jihatlarga alohida e’tibor qaratildi. Yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida o‘tkazilgan tadbir O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi hamda Markaziy saylov komissiyasi hamkorligida tashkil etildi.
– Bu yil mamlakat parlamenti va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylovlar ilk bor yangi Saylov kodeksi asosida o‘tadi, – dedi Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov. – Bo‘lajak saylovlarda ovoz berib, o‘z xohish-irodamizni erkin bildirish har birimizning fuqarolik burchimiz. Ushbu siyosiy voqelikda 20 million 600 ming saylovchining o‘z konstitutsiyaviy burchini ado etishi kutilmoqda.
Mazkur jarayonda yoshlarning ishtiroki o‘ta muhim hisoblanadi. Ma’lumki, bo‘lajak saylovlarda respublika miqyosida ishtirok etuvchi saylovchilarning 11 million 237 ming nafarini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Bu raqamlardan ko‘rinib turibdiki, ushbu muhim siyosiy voqeada yoshlarning o‘rni va roli muhim ahamiyat kasb etadi.
– Mamlakatimizda yoshlarga qaratilgan e’tibor bois ularning faolligi oshdi, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Ibrohim Hojiev. – Joriy yilda bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalar tomonidan Yoshlar ittifoqida faoliyat yuritayotgan yoshlarning 28 nafari nomzod sifatida ko‘rsatilmoqda. 2014 yil Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga shu tizimdan 16 nomzod ko‘rsatilagn edi. Bu ham yoshlarning tashabbuskorligi o‘sganidan dalolat beradi.
Forumda fuqarolarning konstitutsiyaviy burchi, milliy saylov tizimi, Saylov kodeksining mazmun-mohiyati, saylovni oshkoralik va adolat tamoyillari asosida o‘tkazishga qaratilgan islohotlar to‘g‘risida so‘z yuritildi. Saylovda har bir fuqaro Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yilgan huquqidan foydalanib, o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etishi Vatanimiz kelajagi uchun alohida ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Forum doirasida saylov jarayonida Yoshlar ittifoqi oldida turgan ustuvor vazifalar, jumladan, yoshlarni deputatlikka tayyorlash, buning uchun ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatdagi muammolarni hal etishda yigit-qizlar faolligini oshirish, xalqimiz taqdiriga daxldorlik hissini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zMU rektori A.Marahimov talabalarni siyosiy jarayonlarga tayyorlash, ta’lim sifatini ta’minlash, professor-o‘qituvchilarning faoliyatini yanada takomillashtirish hamda universitet kengashida qaror qabul qilishda ishtirok etadigan vakolatli tizim tashkil etishni taklif qildi.
Yoshlar o‘zini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.