Yoshlar salomatlik marafonida faollik ko‘rsatmoqda
Toshkent harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan Ohangaron tumanida Mustaqillikning 34 yilligi munosabati bilan harbiylar ishtirokida “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” marafoni o‘tkazildi.
“Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida hudud markazida erta tongdan harbiy orkestr kuylari jo‘rligida davlatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, yurish marafonida ishtirok etdi. Marafon Ohangaron shahridagi maktabda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi yoshlar festivaliga ulanib ketdi.
Unda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, Yoshlar ishlari boshqarmasi, Toshkent viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi, bir guruh harbiy xizmatchilar, 500 nafarga yaqin yoshlar, maktablarda faoliyat yuritayotgan “Vatan tayanchi” otryadi a’zolari va chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchilari qatnashdi.
– Joylarda bu kabi o‘tayotgan tadbirlar aholi, ayniqsa, yoshlarimizda katta taassurot qoldirmoqda, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi bo‘lim boshlig‘i Erkin Sharopov. – Barchaning yuzida o‘zgacha kayfiyat. Biz bu jarayonga ko‘proq yoshlarimiz faol ishtirok etishini istardik. Harbiylarimiz yoshlar bilan muloqotda o‘z faoliyatiga oid qiziqarli voqealardan aytib bermoqda. Ishonamanki, bu orqali o‘g‘il-qizlarimizning harbiy sohaga qiziqishi ortadi, bayram kayfiyati davom etadi.
Tadbirda so‘z olgan faxriylar harbiy sohaning mashaqqatli va sharafli yo‘li haqida nutq so‘zladi. Asosiy e’tibor globallashuv jarayonlari hamda jamiyat, ayniqsa, yosh avlodning qalbi va ongi uchun kurash kuchayib borayotgan hozirgi o‘ta murakkab sharoitda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaning o‘rni va ahamiyatiga qaratildi. Kelgusida harbiy xizmatchi bo‘lish istagidagi yoshlar uchun davlatimizda faoliyat yuritayotgan harbiy ta’lim muassasalari haqida ma’lumotlar berildi.
Tadbirda harbiy orkestr jamoasining Vatan madhini tarannum etgan kuy va qo‘shiqlari, faxriy qorovul vzvodining saf elementlari bilan ko‘rgazmali chiqishlari tadbirga haqiqiy vatanparvarlik kayfiyatini ulashdi.
A.Musayev, O‘zA.