Yoshlar Qurolli Kuchlar Akademiyasida bo‘ldi
Qurolli Kuchlar tashkil etilganining 32 yilligi va Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri O‘zLiDeP Siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi tashabbusi bilan “Yosh siyosatchilar ligasi” a’zolari ishtirokida Mudofaa vazirligi huzuridagi Qurolli Kuchlar Akademiyasida bo‘lib o‘tdi.
“Yoshlar va armiya — bir tanu bir jon!” mavzusida tashkil etilgan uchrashuvda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik, ona yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash borasida olib borilayotgan ishlar e’tirof etildi. Akademiya boshlig‘ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, polkovnik A.Ergashev tomonidan Qurolli Kuchlar tizimida yoshlar bilan olib borilayotgan ishlar holati, tizimi, yaratilgan shart-sharoitlar xususida ma’lumot berildi.
Uchrashuv davomida faol yoshlar Qurolli Kuchlar Akademiyasi faoliyati, jumladan, muzey, sport zali, kutubxona, jangovar shaylik bo‘yicha xizmat xonalari bilan yaqindan tanishdi.
Partiyaning dasturiy maqsadlarida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga alohida ahamiyat qaratilgan. Partiya faollari bu boradagi vazifalardan kelib chiqib, Qurolli Kuchlar Akademiyasi bilan hamkorlikda amaliy sa’y-harakatlarni kuchaytirishga kelishib oldi.
M.Komilova, O‘zA