Yoshlar qalbini asrash – kelajakni asrashdir
Mamlakatimizda internetdan foydalanuvchilar soni yil sayin ko‘payib bormoqda. Bugungi kunda ular 10 million 200 ming kishidan oshdi.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangan, hayot sur’atlari beqiyos darajada tezlashgan bugungi zamonda yoshlarni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirishga qaratilgan g‘oyaviy xurujlar kuchayib bormoqda.
Yoshlarda internetdan oqilona foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish, ularning mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, global tarmoqda milliy axborot resurslarni ko‘paytirish, yosh veb-ixtirochilarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash mazkur muammoning samarali yechimida muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi tomonidan qator tashkilotlar bilan hamkorlikda har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “Xalq ta’limi tizimidagi eng yaxshi veb-saytlar” ko‘rik-tanlovi bu borada muhim loyihalardan biridir.
Mazkur ko‘rik-tanlovning 2014-yilgi g‘oliblarini taqdirlash marosimida xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari A.Xolbekov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida o‘g‘il-qizlarning internetdan to‘g‘ri foydalanish madaniyatini yuksaltirish, ularni ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalash, kasb-hunarga yo‘naltirish, bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Mamlakatimizda internetdan foydalanuvchilar soni yil sayin ko‘payib bormoqda. Bugungi kunda ular 10 million 200 ming kishidan oshdi. Davlatimiz rahbarining 2012-yil 21-martda qabul qilingan “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori internetdan foydalanish samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– O‘tgan yili markazimiz tomonidan ko‘rik-tanlov saviyasini oshirish maqsadida maxsus dastur ishlab chiqildi, – deydi Xalq ta’limi vazirligining Multimedia umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazi direktori Sh.Ergashev. – Natijada ishtirokchilar tanlovga elektron shaklda ariza berish, tanlovda qatnashayotgan saytlarni tahlil qilish, baholash va natijalarni kuzatib borish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 2014-yilda ishtirokchilardan 1155 ariza kelib tushdi. Bu 2013-yilga nisbatan 3 barobar ko‘pdir.
Navoiy shahridagi 11-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining 11-maktab.uz sayti “Eng yaxshi ta’lim muassasasi veb-sayti”, Termiz tumanidagi 4-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Azamat Xojakovning azamat.uz sayti “Eng yaxshi o‘qituvchi veb-sayti” va Buxoro shahridagi 10-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Adizbek Ergashev yaratgan buxoro-10maktab.uz sayti “Eng yaxshi o‘quvchi veb-sayti” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib, deb topildi.
– Saytimiz orqali darslik va o‘quv qo‘llanmalari, fanlarga oid slayd va taqdimotlarni yuklab olish, turli interaktiv xizmatlardan foydalanish mumkin, – deydi Navoiy shahridagi 11-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi direktori Gulnora Jumaniyozova. – Shu bilan birga, saytimizga yurtimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, muassasamiz hayoti aks etgan yangiliklar, o‘quvchilar ma’naviyatini boyitishga qaratilgan ma’rifiy adabiyotlar muntazam joylashtirib boriladi. Bu o‘quvchilarimizni turli mafkuraviy xurujlardan ishonchli himoyalashda muhim omil bo‘lmoqda. Zero, yoshlar ongu qalbini asrash kelajakni asrash demakdir.