Yoshlar parlamenti vakillari bilan ochiq muloqot
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti vakillari “Navoiyuran” davlat korxonasida bo‘lib, korxona faoliyati bilan tanishdi va yoshlar bilan uchrashdi.
“Navoiyuran” davlat korxonasi davlatimiz rahbarining 2020 yil 6 martdagi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan.
Bugungi kunda ushbu korxona tomonidan Qizilqum mintaqasida tabiiy uran qazib olinib, uran oksidi eksport qilinmoqda.

– Markaziy Qizilqum hududida uran konlarini o‘zlashtirish ilk bor 1958 yilda boshlangan, – deydi “Navoiyuran” DK Bosh direktor maslahatchisi Abror Sultonov. – Uchquduq koni birinchi bo‘lib ochiq va yer ostidan qazib olish yo‘li bilan o‘zlashtirila boshlangan. Sohani keyinchalik yanada rivojlantirish natijasida vodorodli qumtosh konlarida yer ostida ishqorlash usuli joriy etilgan. Hozirgi kunda “Navoiyuran” davlat korxonasi barqaror va jadal rivojlanish yo‘lida dadil odimlayotgan va o‘z mahsulotlarini 100 foiz eksportga yo‘naltirayotgan yirik korxonalardan biridir.

Korxonaning asosiy ishlab chiqarish mahsuloti tabiiy uran va ammoniy perrinati (reniy) bo‘lib, “Zafarobod” kon boshqarmasi, “Uchquduq” va “Nurobod” ishlab chiqarish maydonlarida joylashgan umumiy 11 ming gektarlik hududdagi 21 ta uran konlari hamda bu konlarni o‘zida birlashtirgan 6 ta geotexnologik konlarda qazib olinmoqda. 2030 yilgacha yana 6 ta konni o‘zlashtirish rejalashtirilgan.
Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) a’zosi bo‘lgan “Navoiyuran” davlat korxonasi hozirda ORANO (Fransiya), “Cameco Corporation” (Kanada), “Korea Hydro & Nuclear Power Co., Ltd” (Koreya Respublikasi), Konverdin (AQSH), Hindiston hukumatining “Atom energiyasi departamenti” kabi xalqaro hamkorlariga uranning chala oksidi ko‘rinishidagi tabiiy uran mahsulotini eksport qilib kelmoqda.

Bugungi kunda korxonada 9300 nafardan ziyod ishchi-xodim faoliyat yuritib kelmoqda. Ularning 23 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Ayni paytda 11 nafar yosh ratsionalizatorlik loyihalari va ishlanmalar ustida ish olib bormoqda.
Tadbirda bir guruh yoshlar so‘zga chiqib, “Navoiyuran” davlat korxonasida uran ishlab chiqarish, bunyodkorlik ishlari va amalga oshirilayotgan investitsion loyihalarda yoshlarning o‘rni haqida so‘z yuritdi.

– “Navoiyuran” davlat korxonasidagi o‘rganishlarimiz davomida Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamentining Navoiy viloyatidagi vakili sifatida parlament a’zolari bilan hamkorlikda bir qator muhim takliflar ishlab chiqdik, – deydi Muhammad Ismatov. – Ma’lumki, mazkur korxona yuqori ilmiy va texnologik potensialga ega strategik ob’ekt hisoblanadi. Bu yerdagi olim va muhandislar mavjud sharoitlardan kelib chiqib, innovatsion yechimlar orqali iqtisodiyotga aniq foyda keltirayotgan insonlardir. Ular amalga oshirayotgan loyihalar xarajatlarni qisqartirib, samaradorlikni oshirishga xizmat qilmoqda. Shu bois, biz ilmiy va amaliy faoliyat olib borayotgan mutaxassislarga magistraturada davlat granti asosida tahsil olish imkoniyatini yaratish taklifini ilgari surmoqdamiz. Bu tashabbus orqali ilm-fanni qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli mutaxassislarni rag‘batlantirish va ularning xizmatlarini munosib qadrlashni maqsad qilganmiz.
Ochiq muloqot qizg‘in bahs-munozaralar, savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri