Yoshlar parlamenti faoliyatiga qanday baho berildi?
Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo parlamentlari tarkibida yoshlar 2 foizni tashkil etar ekan. O‘zbekistonda esa 2019 yildagi saylovlardan keyin 30 yoshgacha bo‘lgan parlament a’zolari 6 foizni tashkil etgan. Parlamentda yoshlar o‘rnining ortib borayotgani quvonarli hol.
Zero, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, tashabbuskor, shijoatli yoshlarni tarbiyalash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2020 yildan boshlab parlament palatalarida Yoshlar parlamenti faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Parlament quyi palatasining majlisida Yoshlar parlamenti raisi Shahnoza Joldasovaning Yoshlar parlamentining 2021 yilda amalga oshirilgan ishlari to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.
Ta’kidlanganidek, hisobot davrida yoshlar bilan ishlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini ta’minlash, qonun ijodkorligi faoliyatiga yoshlarni keng jalb qilish, qonunlarda yoshlar manfaatlarini aks ettirish, hududlardagi yoshlar ovozini ham parlamentda eshitishni yangi bosqichga ko‘tarish kabi ustuvor vazifalarning bajarilishi ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatildi.
Yoshlar parlamenti tomonidan 2021 yilda Qonunchilik palatasiga kiritilgan qonun loyihasi yuzasidan 87 ta takliflar tayyorlangan bo‘lib, ulardan 27 tasi qonun loyihalarini takomillashtirish jarayonida inobatga olindi. Shuningdek, o‘tgan davrda qabul qilingan qonunlarning mazmun-mohiyati, yoshlarning parlament faoliyati va qonun ijodkorligining barcha bosqichlaridan xabardorligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan 98 ta o‘quv-seminar va konferensiyalar tashkil etildi. 124 ta o‘rganishlar amalga oshirilgan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi bilan hamkorlikda bir nechta vazirlik va idoralarning axborotlari tinglandi
Hisobot davrida Yoshlar parlamenti tomonidan xalqaro aloqalarni mustahkamlashga, xususan, xorijiy mamlakatlar yoshlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, Yoshlar parlamenti a’zosi O.Shavkatov Qozog‘iston Respublikasining Turkiston shahrida tashkil etilgan “Turkiston – turk dunyosi beshigi” xalqaro yoshlar sammitida, X.Akramov Omsk viloyatida ilk marotaba tashkil qilingan “Rossiya va Markaziy Osiyo” yoshlar forumida faol ishtirok etdi.
Majlisda Yoshlar parlamenti faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan takliflar ilgari surilib, berilgan axborot ma’lumot uchun qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA