Yoshlar oyligi: “Tashabbuslar marafoni”dan gala-konsertga ulandi
Z0-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan yoshlar oyligi tadbirlari Samarqandda ham qizg‘in davom etmoqda.
10-iyun kuni Samarqand shahridagi “Yoshlar kreativ shaharchasi”da “Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi!” shiori ostida “Tashabbuslar marafoni” tashkil etildi.
Yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish hamda ularning innovatsion g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etishga qaratilgan marafon doirasida tadbirkorlik, bandlik, innovatsiya, robototexnika, kitobxonlik, xorijiy tillar, ekologiya, sport, madaniyat yo‘nalishlarida maxsus pavilonlar tashkil qilindi. Ularda yoshlar uchun seminarlar, ekspertlar bilan ochiq muloqotlar, startap loyihalar taqdimotlari hamda ijodiy tanlovlar o‘tkazildi.
[gallery-29896]
Samarqand shahrining Qorasuv massivida joylashgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida yoshlar uchun gala-konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov ishtirok etib, samarqandlik yoshlarni tabriklab, o‘qish va ishdagi muvaffaqiyatlari, har bir sohada erishayotgan yutuqlari Yangi O‘zbekistonning ertangi kuni, kelajagining yuksakligiga xizmat qilishini ta’kidlab, ularning barcha sa’y-harakatlari davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini bildirishdi.
Tadbirda jamiyatda faolligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh faol yoshlar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari