“Yoshlar ovozi” iste’dodlarni saralamoqda
“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida yoshlarning musiqa va san’atga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish maqsadida “Bo‘zatov iqtidorlarni kashf etadi” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Yoshlar ovozi” tanlovida 10 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar baxshichilik, an’anaviy, opera, estrada ijrochiligi yo‘nalishlarida o‘z iqtidorlarini namoyish etmoqda.
Mazkur tanlov yoshlarning iste’dod va iqtidorlarini yuzaga chiqarishda keng imkoniyatlar eshigini ochib beradi. Shu bois ham unda juda ko‘plab yoshlar qatnashish istagini bildirdi.
– Andijon viloyatida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha 18 ming 603 nafar, jumladan, baxshichilik yo‘nalishida 311 nafar, an’anaviy ijrochilik yo‘nalishida 6 ming 444 nafar, opera yo‘nalishida 1 ming 488 nafar, estrada yo‘nalishida esa 10 ming 671 nafar yosh mazkur tanlovda qatnashish istagini bildirib, maxsus bot orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tdi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi Matbuot xizmati rahbari Naziraxon Ubaydullayeva. – Ular dastlab viloyatdagi 910 ta mahallada o‘tkazilgan tanlovning mahalla bosqichida o‘zlarining iste’dod va mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi.
[gallery-16711]
Mahalla bosqichlarida saralab olingan 6 ming 708 nafar yosh iqtidor egasi 25-30-mart kunlari bo‘lib o‘tgan tanlovning sektorlar bosqichida ishtirok etdi. Ular orasidan eng munosib, deb topilgan 583 nafar ishtirokchi tanlovning tuman, shahar bosqichlariga yo‘llanma oldi. Endi ular viloyat bosqichida qatnashish uchun o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, “Yoshlar ovozi” tanlovining respublika bosqichi joriy yil iyun oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bo‘zatov tumanida bo‘lib o‘tadi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari