Yoshlar masalasida hamkorlik
Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan ushbu loyiha kelgusida mazkur tashkilotlarni ham zarur kadrlar bilan taʼminlash imkonini beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi yoshlar ishlari agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi Xorazm viloyati kengashi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi oʻrtasida yoshlar masalalari sohasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi.
Viloyatdagi uchta boshqarma oʻrtasida yoshlar masalasiga oid mazkur hujjatni imzolashdan koʻzlangan maqsad yosh avlodning mamlakatni yana-da demokratlashtirish va yangilash, fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonidagi keng ishtirokini taʼminlash, yoshlarda davlat xizmatlaridan foydalanish madaniyatini, jumladan, elektron davlat xizmatlaridan foydalanishga doir amaliy koʻnikmalarini shakllantirishdan iborat.
Hamkorlik memorandumi qoʻyidagi vazifalarni qamrab oladi. yoshlarni kasb-hunarga tayyorlash va ish bilan taʼminlashga qaratilgan tizimli ishlarni amalga oshirish, davlat hokimiyatining vakillik organlarida ijtimoiy himoya va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga muhtoj boʻlgan yoshlarni tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishga keng jalb qilish, davlat xizmatlari koʻrsatishda byurokratik toʻsiq va gʻovlarga yoʻl qoʻymaslik yoʻnalishida maqsadli ishlarni amalga oshirish, hamda aholining, ayniqsa, yoshlarning davlat xizmatlaridan foydalanishga doir madaniyatini shakllantirishga qaratilgan.
- Hamkorlik memorandumi va uning mazmun mohiyatini yoshlar oʻrtasida keng targʻib qilishni moʻljallaganmiz, - deydi Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi Islombek Yoʻldoshev. – Oʻquv semnarlarini eng avvalo yoshlar yetakchilari uchun tashkil qilamiz. Keyin ular oʻzi faoliyat olib borayotgan, idora, tashkilot va muassasada yoshlar bilan tadbir oʻtkazadi. Shuningdek, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ham maxsus materiallar orqali yoshlarning davlat xizmatlaridan oson, qulay va toʻgʻri foydalanishlari uchun materiallar berib boriladi. Oʻylaymanki, mazkur hujjat uchta tashkilot, ayniqsa yoshlar uchun juda foydali boʻladi.
Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan ushbu loyiha kelgusida mazkur tashkilotlarni ham zarur kadrlar bilan taʼminlash imkonini beradi.

