Yoshlar masalasi hokimlar eʼtiborida
Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolov viloyat televideniyesi orqali yoshlarga murojaat yoʻlladi.
Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolov viloyat televideniyesi orqali yoshlarga murojaat yoʻlladi.
Unda joriy oʻquv yilida viloyatdagi 533 ta umumtaʼlim maktabini bitirgan 25 ming 612 nafar oʻquvchilarning 14 ming 919 nafari yoki 58 foizi, 62 ta kasb-hunar taʼlimi muassasalarini bitirgan 15 ming 790 nafar oʻquvchilarning 7 ming 300 nafari yoki 46 foizi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga hujjat topshirishi kutilayotgani taʼkidlandi.
Bu yil qabul qamrovi kengaygani natijasida umumtaʼlim maktablari bitiruvchilarining koʻpchiligi kollej-texnikumlarga, oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirgandan soʻng boʻsh qolgan yoshlar bandligini taʼminlash zarurligi qayd etildi.
Shuni inobatga olib, yaqin kunlarda yoshlar ittifoqi viloyat kengashi qoshida yoshlar bandligi masalalari bilan shugʻullanuvchi markaz ish boshlaydi. Bu markaz uch yoʻnalishda oʻz faoliyatini olib boradi.
Birinchisi, bitiruvchilar bandligini taʼminlash. Bunda umumtaʼlim maktablari, kollej va akademik litsey oʻquvchilari hamda oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari bandligini taʼminlash nazarda tutiladi.
Ikkinchisi, viloyatda hozirda mavjud 11 mingdan ortiq ishsiz yoshlarni ish bilan taʼminlash.
Uchinchisi, ayni paytga qadar xorijda yurgan, pandemiya tufayli ish oʻrnini yoʻqotgan 23 mingga yaqin yoshlar bandligini taʼminlash.
– Bular balandparvoz gaplar emas, – deydi Karim Kamolov oʻz murojaatida. – Biz buni amalda joriy etamiz va uning natijalaridan albatta xabardor boʻlib borasiz. Yoshlar masalasi har bir tuman hokimining eʼtiborida boʻladi.
Ayni paytda katta qurilish maydoniga aylangan Buxoro shahrining oʻzida 157 ta koʻp qavatli uy, 866 ta savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari bunyod etilmoqda. Mana shu qurilish jarayonining oʻzida qurilish-pudrat tashkilotlari qariyb 430 dan ziyod boʻsh ish oʻrniga ega: qay biriga gʻisht teruvchilar, kimgadir payvandchilar, yana boshqasiga suvoqchilar kerak.
82 ta qurilish tashkiloti rahbarlari va 180 nafar ishsiz yoshlar oʻrtasida kechgan muloqot natijasida qariyb 100 nafar yosh yigitlar qurilish obyektlariga ishga qabul qilindi.
Joriy yilda Buxoro shahrida qurilishi boshlangan savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari ishga tushirilgach, yana minglab yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Birgina “Buxoro siti” tarkibidagi “Karvon shopping” savdo majmuasida 3 mingga yaqin doimiy ish joyi ochiladi. Ularning aksariyatida yoshlar ish boshlaydi
“Oʻzini oʻzi band qilish” loyihasi doirasida joriy yil yanvar-may oylarida 742 ta ish oʻrni yaratildi. 2020-yil yakuniga qadar 1 ming 100 ta yangi ish oʻrni yaratilishi taʼkidlandi. Buning uchun shugʻillaniladigan faoliyat turlari 24 tadan 67 taga yetkazildi.
Tadbirkorlik qilishni istovchi 37 nafar ishsiz yoshlar – yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtish, kichik korxonalar va mikrofirmalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, tadbirkorlikka oʻqitish va kredit olishda sugʻurta polisi toʻlovi uchun xarajatlarni qoplash uchun 9 million soʻm subsidiya mablagʻlari ajratilgan.
“Har bir oila – tadbirkor” loyihasi doirasida 15 foizli imtiyozli kreditlar orqali 5 ming 500 ta, hunarmandchilik orqali “Ustoz-shogird” loyihasi asosida 2 ming 800 ta, fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan ajratiladigan kreditlar hisobidan 800 ta, bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga 600 ta, “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi doirasida 148 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 567 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.
Murojaatda har haftaning seshanba kuni hokimliklarda faqat Yoshlarni ish bilan taʼminlash kuni, deb eʼlon qilinganligi, shu kuni shahar va tumanlar hokimlari mahalliy televideniye orqali ota-onalar va yoshlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilib, ularning muammolarini oʻrganib, yechimlari borasida yaxlit mexanizm ishlab chiqilishi aytib oʻtildi.