Yoshlar kelajagimizning ishonchli vorislaridir
Munosabat
Har bir davr yoshlarining bilim darajasi, dunyoqarashi, o‘y-fikri, ma’naviy qiyofasiga qarab o‘sha jamiyatning ertangi kunini tasavvur etish mumkin. Shu bois mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan vaqt ichida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakatimiz istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor, shijoatli yoshlarni tarbiyalash borasida alohida tizim yaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshida Yoshlar akademiyasi tashkil qilindi. Yosh avlodning sog‘lom o‘sishi, sifatli ta’lim olishi va barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishini ta’minlash, shuningdek, madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari va kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan «besh muhim tashabbus» loyihasi doirasida ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Darhaqiqat, 30 iyun sanasi mamlakatimizda Yoshlar kun sifatida alohida belgilandi. Qolaversa, «Harakatlar strategiyasi», «Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi», «O‘zbekiston — 2030» strategiyalari doirasida ham yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan maqsad va vazifalar belgilanib, hayotga izchillik bilan tatbiq etib kelinmoqda.
Xususan, 2024 yil — «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili» davlat dasturi doirasida 1 martdan boshlab alohida ishlash talab etiladigan, shuningdek, iste’dodli va iqtidorli yoshlar Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi qarori bilan «Yoshlar balansi» asosida vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlar hamda oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlariga biriktirib berilgan edi.
Yoshlar biriktirilgan rahbarlar har oyda kamida bir marotaba yoshlar bilan uchrashib, ularning muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish, talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlash, hayotda o‘z o‘rnini topishi, shuningdek, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga har tomonlama ko‘maklashib kelishi natijasida hozirgi kunga qadar qiyinchilikka duch kelgan 420 ming yoshlar muammosi hal etilib, 65 mingini bandligi ta’minlandi.
Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar siyosati sohasidagi ishlar sarhisobi, yangi vazifa va takliflar muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi hamda unda ilgari surilgan tashabbuslar yurtimiz yoshlari uchun yangi kuch va imkoniyatlar eshigini ochadi. Yoshlar bilan ochiq muloqot shaklida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ularning fikr-mulohazalari tinglanib, taklif va tashabbuslar bildirildi.
Ana o‘shalardan biri, nogironligi bo‘lgan yoshlarga chet tilidan imtihon topshirishning yengillashtirilishidir. Jumladan, endilikda chet tili bo‘yicha milliy sertifikat (CEFR) olishda qo‘lda yozish imkoniyati bo‘lmaganlarga kompyuterda imtihon topshirish sharoiti yaratib beriladi.
Yana bir muhim jihat yoshlarimiz xalqaro olimpiadalarni nazariy qismida har doim yuqori natijalarga erishib keladi. Ammo, laboratoriya mashqlarini bajarishda amaliy ko‘nikmalar kam bo‘lgani uchun pastroq ball olib qolishmoqda. Shu bois, endi Prezident maktablari agentligi qoshida «Olimpiadalarga tayyorlash markazi» ochilib, maxsus laboratoriyalar bilan jihozlanadi. Xalqaro olimpiadada qatnashuvchi terma jamoa a’zolari reja asosida ushbu markazda tayyorgarlik ko‘radi.
Shu bilan birga, oliy ta’limning birinchi va ikkinchi kurslaridagi fanlar texnikumlar bilan uyg‘unlashtiriladi. Texnikumda yaxshi o‘qigan yoshlarga xalqaro klassifikatorning tegishli darajasiga mos keluvchi diplom taqdim qilinadi. Ularga oliygohni ikkinchi yoki uchinchi kursdan o‘qishni kontrakt asosida davom ettirish imkoniyati beriladi. Kasbi bo‘yicha malaka darajasi va ikki yillik staji bor yoshlar korxona tavsiyasi bilan kontrakt asosida oliy ta’limga qabul qilinadi.
Endi oliy o‘quv yurti, vazirlik va korxonalarga tegishli laboratoriyalarning yagona onlayn platformasi yaratiladi. Bunday ilmiy markazlar Toshkent texnika, Samarqand va Urganch davlat universitetlarida ham tashkil qilinadi. Yosh olimlar tadqiqotlari uchun kerak bo‘lgan uskuna, butlovchi qism va kimyoviy vositalar bojdan ozod qilinadi.
Shuningdek, yoshlarni katta daromad keltiradigan kasblarga o‘rgatish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan loyihalarni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratiladi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi Yoshlar agentligi tizimiga o‘tkaziladi. Loyihaning tayyor biznesga aylanib, daromad keltirishgacha barcha jarayonda ko‘maklashiladi. 14 ta tuman tanlab olinib, «to‘rtinchi sanoat» kasblariga o‘qitish markazlari ochiladi.
Har bir viloyatdagi bittadan Barkamol avlod markazlarida «Kreativ sanoat parklari» tashkil qilinib, ularga IT-park rezidentlari uchun nazarda tutilgan imtiyozlar beriladi. Bu joylar yosh tadbirkorlar, ilm va biznes o‘rtasida muloqot maydonchasi bo‘ladi. Jamg‘arma bu yerdagi yoshlarning «startaplari»ga uch yilga 100 million so‘mgacha ssuda beradi.
Magistral yo‘llar bo‘yida 50 mingta ko‘chma savdo nuqtalari tashkil qilinib, yoshlarga ijaraga beriladi. Bu jarayonda yoshlar dastlabki 6 oyda ijara haqi va soliqlarni to‘lashdan ozod etiladi. Shuningdek, mehnat yarmarkalari tashkil etish orqali, 350 ming yoshlar ishga joylashtirilib, 100 ming nafari qurilish ishlariga jalb qilinish orqali bandligi ta’minlanadi.
Yana bir muhim tashabbus, bu — og‘ir sharoitga tushib qolgan xotin-qizlar uchun barcha hududlarda 1 xonali ijtimoiy uylarning qurilishidir. Ular ishga joylashib, «oyoqqa turib olgunga qadar», ushbu uylarda 3 yil davomida bepul yashash huquqiga ega bo‘lishadi. Sog‘ligi tufayli ishga qatnay olmaydigan qizlar xonadonida kasanachilik yoki masofaviy ish bilan ta’minlanadi. Bundan tashqari, uch yoshgacha farzandi bor talaba-qizlarga masofaviy ta’lim olish imkoniyati yaratiladi.
Muxtasar aytganda, ushbu tashabbuslarning amalga oshirilishi yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni komil inson sifatida yetishi uchun zamin yaratadi. Yoshlarga berilayotgan bu kabi e’tibor, oxir-oqibat, o‘z mevasini bermasdan qolmaydi, albatta. Buni bugungacha yaratib berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, yoshlarimizning xalqaro va respublika miqyosida erishayotgan yutuqlar misolida ham ko‘rish mumkin.
Maxfirat Xushvaqtova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA