Yoshlar IT kompaniyalarida o‘z bilimini oshiradi
Nurafshon shahrida “IT Park” Toshkent viloyati filiali mas’ullari “Offshore Outsourcing Tour 2024” tadbiri doirasida Hindistonning “TALROP” kompaniyasi vakillari bilan o‘zaro muzokaralar olib bordi.
Toshkent viloyatida mazkur kompaniya filialini ochishdan ko‘zlangan maqsad hudud yoshlarining professional IT kurslarida bilimini oshirish, dasturlash sohasidagi xizmatlarni xalqaro darajaga ko‘rsatishdir. Shuningdek, Xitoyning “CJON” kompaniyasi direktori Zhuang Zhiyan bilan olib borilgan muloqotlarda ham viloyatda axborot texnologiyalari sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish borasida so‘z yuritildi.

Mazkur kompaniya mamlakatimizda joriy yil yakunigacha 50 dan ortiq ish o‘rnini yaratishi va jahon bozorida autsorsing xizmatlar ko‘rsatish hajmini kengaytirishi rejalashtirilgan.
Ma’lumki, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida joriy yil 1-martdan boshlab “Har bir mahalladan ikki nafar dasturchi” dasturi joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, mahallalarda axborot texnologiyalari va kompyuter dasturlash sohasiga qiziquvchi yoshlar aniqlanib, ularni ingliz va boshqa xorijiy tillarga o‘qitish hamda sertifikatlar olishini tashkil etish, IT sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlarga yo‘naltirish va ishga joylashtirishga ko‘maklashish choralari ko‘rilishi belgilandi.

Shuni e’tiborga olib, “IT Park” Toshkent viloyati filiali rahbariyati Koreya, Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Dubay va boshqa davlatlarning ixtisoslashgan kompaniyalari vakillari bilan ham kelishuvlarni amalga oshirmoqda.
A.Musayev,
O‘zA muxbiri