Yoshlar festivalda faol ishtirok etdi
Dang‘arada “Yangi O‘zbekiston yoshlari – kelajak poydevori” shiori ostida festival o‘tkazildi.
Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanidagi “Teliming” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazilgan festival doirasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari bo‘lib o‘tdi.

Mahalla yoshlarini ezgu maqsadlar sari birlashtirgan tadbir chinakam yoshlikning shukuhli shodiyonasiga aylandi. Yoshlar mamlakat ertasi va jamiyat kelajagini belgilovchi kuch. Ularning barkamol voyaga yetishi, salohiyatli va ilg‘or fikrlaydigan avlod bo‘lib ulg‘ayishi hamda ezgu maqsadlar ro‘yobi yo‘lidagi intilishlarini rag‘batlantirish, qo‘llab-quvvatlash, shart-sharoitlar yaratish va atrofida jipslashtirish bugunning ustuvor vazifalaridan biri.

bugungi kunda yoshlar bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini yanada oshirishga doimiy e’tiborda. Davlatimiz rahbarining joriy yil 19 yanvarda qabul qilingan “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilib, amaliy ishlarga kirishildi. Dang‘ara tumanida bo‘lib o‘tgan yoshlar festivali navqiron avlod kamolotiga bo‘lgan yuksak e’tibor ifodasi bo‘ldi.
Dastlab “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” shiori ostida yurish marofoni va badantarbiya mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Tuman axborot–kutubxona markazining mahallada filiali ochilib, yoshlarni o‘z bag‘riga chorladi.

Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimi o‘rinbosari Fayzullo Qosimov, tuman hokimi Shuhratjon Tojihakimov yoshlar islohotlarning yetakchi kuchi ekanligini ta’kidlab, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.

–Tumanimiz aholisining 22 foizini 18-30 yoshdagi yoshlar tashkil qiladi, – deydi tuman hokimi o‘rinbosari Shahnoza O‘rinova. – 3 ming 946 nafari “Yoshlar daftari” ga kiritilgan bo‘lib, bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka yo‘naltirish, kasb-hunarga o‘qitishga alohida e’tibor beryapmiz. bugungi kunda olib borilayotgan sa’y-harakatlar natijasida 3 ming 724 nafari daftardan chiqarildi. Beshta tashabbus doirasida hududlarda ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda.

Mana bunday tadbirlar esa yoshlarga katta ruh bag‘ishlamoqda, uyushmagan yoshlarning bo‘sh vaqtlari mazmunli o‘tmoqda. Harbiylar, Milliy gvardiya hamda ichki ishlar xodimlarining ko‘rgazmali chiqishlari va harbiy texnikasi namoyish etildi. Dang‘aralik yoshlarning ijod namunalari barchada katta taassurot qoldirdi. Mahalla yoshlar o‘rtasida futbol, basketbol, voleybol, stol tennisi bo‘yicha musobaqalar, osh tanlovlari, “Zakovat” intellektual bahslari, kompyuter o‘yinlari bo‘yicha bellashuvlar yanada shukuhli kechdi. Ayniqsa, san’atkorlarning dilrabo qo‘shiqlari anjumanga yanada fayz kiritdi.
M. Sulaymonov, O‘zA