Yoshlar, ekologiya va qonunchilik
Insonlarning ekologik madaniyati yuksak bo‘lishi — kundan kunga murakkablashib borayotgan ekologik muammolarni biroz bo‘lsa-da yumshatishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham aholi qatlamlari, ayniqsa, yoshlarning ekomadaniyatini oshirishga, atrof-muhitga bo‘lgan munosabatini yaxshilashga qaratilgan qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy kengashi tashabbusi bilan qator ta’lim muassasalarida yoshlarni ekologik huquq va manfaatlaridan xabardor qilish hamda ularning bu boradagi madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan turkum uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etilmoqda.
Ana shunday ochiq muloqotning navbatdagisi O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida "Yoshlar, ekologiya va qonunchilik" mavzusida bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy kengashi Ijroiya qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Shahnoza Umarxo‘jayeva, Yunusobod tuman raisi Shohista Abduqodirova hamda universitetning professor o‘qituvchilari talaba yoshlarga zarur tushunchalarni berdi.
Tadbirda mamlakatimizda ekologik barqarorlikka erishishda yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini boyitish, ularning tabiatga bo‘lgan munosabatini yaxshilash muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.
Yoshlarga ekologiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, qonunchilikdagi yangilik va o‘zgarishlar, qabul qilingan yangi qaror va farmonlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. O‘z navbatida, yoshlarning fikr-mulohazalari, bugungi ekologik muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflari tinglandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA