Yoshlar davlat xizmatchisi bo‘lishga intilmoqda
Surxondaryo viloyatida "Men davlat xizmatchisi bo‘laman" mavzuida o‘tkazilgan insholar tanlovi yakunlandi.
Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Surxondaryo viloyati filiali viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tanlovning maktab, tuman, shahar, viloyat bosqichlarida 9-,10- va 11-sinflarida o‘qiydigan 30 mingdan ortiq o‘quvchi faol ishtirok etdi.

Tadbir yoshlar ongida davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida dastlabki tushunchalarni shakllantirish, sohaga ularning qiziqish va intilishini oshirish, huquqiy bilimlarini yanada takomillashtirish maqsadida tashkil etildi.

Ezgu orzu-istaklar o‘z ifodasini topgan tanlov o‘quvchi-yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Chuqur bilim olayotgan o‘g‘il-qizlar kelajakda xalqparvar davlat xizmatchisi bo‘lishdek beg‘ubor maqsadlarini o‘z insholarida yozib qoldirdi.


Tanlovning viloyat bosqichida Jarqo‘rg‘on tumanidagi 21-maktab o‘quvchisi Malohat Turdimurodova faxrli birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin Qumqo‘rg‘on tumanidagi 1-maktab o‘quvchisi Mohinur Mamatqulovaga nasib etdi. Uchinchi o‘rinni Sherobod tumanidagi 32-maktab o‘quvchisi Xonzoda Hojiddinova qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindorlar faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri