“Yoshlar daftari”ga kiritilganlar doimiy e’tiborda
Jizzax viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Akmal Savurbayev ishtirokida “Yoshlar daftari” va “Yoshlar dasturlari”ning amalga oshirilishi yuzasidan brifing o‘tkazildi.
Unda viloyatda yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimi joriy etilib, ikkita muhim yo‘nalish – yoshlar bandligi va ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berildi.
Viloyatda xatlov va o‘rganishlar natijasida “Yoshlar daftari” elektron platformasiga 12 ming 421 nafar yoshlar kiritilgan bo‘lib, amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yil oktyabr holatiga 9 ming 420 nafar yoshga yoki “Yoshlar daftari”ga kiritilganlarning 67,7 foiziga amaliy yordamlar ko‘rsatilgan.

Joriy yil oktyabr oyi boshidan viloyatdagi 12 ta tuman va Jizzax shahrida yoshlar yetakchilari tomonidan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lganlarni xatlovdan o‘tkazish jarayoni boshlandi. bugungi kunga kelib 290 ta mahallada xatlov jarayonlari to‘liq boshlanib, 274 ming 246 nafar (yoki 73,1 foiz) yoshlar balansi shakllantirildi.

Shuningdek, “Yoshlar daftari” jamg‘armasi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida har bir tuman va shaharda moliyaviy manbalari aniq belgilangan holda tashkil etilib, 14 milliard 400 million so‘m miqdorida mablag‘lar shakllantirildi va ushbu mablag‘lar hisobidan “Yoshlar daftari”dagi 4 ming 993 nafar yoshga 13 milliard 500 million so‘m miqdorida amaliy yordamlar ko‘rsatilgan.
Bundan tashqari, “Yoshlar daftari” orqali ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar yil davomida tizimli ravishda amalga oshirib borilishi ta’kidlandi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA