Yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi
30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan Nukus shahri hokimligida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi hamda xalq deputatlari shahar Kengashi hamkorligida yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Tadbir davomida mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini yanada takomillashtirish, ularning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim va kasb-hunar egallashi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, shuningdek, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyati, yoshlar siyosatidagi yangicha yondashuvlar hamda mutasaddi tashkilotlar oldiga qo‘yilgan vazifalar qayd etildi.

Uchrashuvda yoshlarga mahalliy Kengashlarning ish tartibi, deputatlar faoliyati, ularning saylovchilar bilan olib borayotgan ishlari haqida keng tushunchalar berildi hamda Kengashning moddiy-texnik bazasi tanishtirildi. So‘ngra O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan yoshlar bilan ishlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida taqdimot o‘tkazildi.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida bugungi kunda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi a’zolari soni 68 ming 619 nafar bo‘lib, shundan yoshlar soni 34 ming 137 nafarni, jami partiya a’zolari sonining 42 foizini tashkil etadi. Bu ham partiyaning yoshlar bilan yaqin hamkorligini bildiradi. Shuningdek, partiya tashabbusi bilan o‘tkazib kelinayotgan “Siyosatdagi yoshlar” intellektual turniri, “Deputat va yoshlar,” “Rahbar va yoshlar”, “Qatorimizdagi yoshlar”, “Yoshlar - sog‘lom turmush tarafdori” nomli loyihalar yoshlarning siyosiy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, ularning qonun ijodkorligi va davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, vatanparvarlik ruhini tarbiyalash hamda faol yoshlarni qo‘llab-quvvatlashda o‘z samarasini bermoqda.

Uchrashuv davomida yoshlar o‘zlarining fikr va takliflarini bildirib, qiziqtirgan savollariga javob olishdi.
Tadbir yakunida partiyaning targ‘ibot-tashviqot ishlarida faol ishtirok etib kelayotgan bir guruh yoshlarga O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi nomidan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi. Ularga “Tashakkurnoma”, partiyaning esdalik sovg‘alari shuningdek, partiya safiga yangi qabul qilingan yoshlarga a’zolik guvohnomalari topshirildi. Ularning kelgusi faoliyatida omadlar tilandi.
Mazkur uchrashuv yoshlarning fikr va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ular bilan hamkorlikni tizimli olib borish hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatini, partiyaning dasturiy maqsad va vazifalarini keng jamoatchilikka yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri